Venesuelada muvaqqat hukumat va muxolifat örtasidagi muzokaralarning birinçi raundi ortidan 14-avgust, juma kuni 131 nafar siyosiy mahbus ozodlikka çiqarildi.
Mamlakat hukumati bayonotiga köra, ozod etilgan şaxslar avvalroq «jinoyatlarda ehtimoliy yoki tasdiqlangan iştirok» bilan boğliq holatlar yuzasidan hibsga olingan. Ularga nisbatan qamoq örniga «ozodlikni çeklaşning muqobil çoralari» qöllangan.
Reuters agentligi ma’lum qilişiça, Venesuela rasmiylari uşbu muqobil çoralar aynan nimalardan iborat ekaniga hozirça aniqlik kiritmagan.
Hukumat bilan muzokaralarda muxolifat delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan siyosatçi Dinora Figera mahbuslarning ozod etilişini olqişlagan, biroq qamoqda hali boşqa siyosiy mahbuslar ham qolayotganini ta’kidlagan.
«Hali hammasi ozod qilingani yöq, ammo barça siyosiy mahbuslar töliq erkinlikka loyiq. Har bir fuqaro öz oilasi bilan qayta birlaşmaguniça buni qat’iy talab qilişda davom etişimiz kerak», - degan u.
AQŞ davlat kotibi Marko Rubio ham 131 nafar mahbusning ozod qilinişiga munosabat bildirib, bu qarorni «milliy yaraşuv sari muhim qadam» deb atagan. Uning sözlariga köra, yil boşidan buyon Venesuelada jami 1046 nafar siyosiy mahbus ozodlikka çiqarilgan.
Venesuela hukumati va muxolifat örtasidagi muzokaralarning birinçi raundi 12-avgust kuni yakunlangan. Muzokaralar davomida tomonlar bir qator masalalar, jumladan, mamlakat sud tizimini isloh qiliş böyiça kelişuvga erişgan.
AQŞ Venesuela muxolifati va muvaqqat hukumati örtasidagi muzokaralarni qöllab-quvvatlamoqda. Milliy muloqot boşlanişidan oldin, Vaşington bosimi fonida Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvçi Delsi Rodriges amnistiya töğrisidagi qonunni imzolagan edi.
Uşbu qonun asosida mamlakatda avvalroq ham bir neça yuz nafar siyosiy mahbus ozodlikka çiqarilgan. Endi esa hukumat va muxolifat örtasidagi töğridan-töğri muzokaralar siyosiy mahbuslarni ozod qiliş, sud tizimini isloh etiş va mamlakatda milliy yaraşuv jarayonini davom ettiriş uçun asosiy siyosiy maydonlardan biriga aylanmoqda.












