Boburjon Samarqand viloyatidan, u hozirda 20 yoshda. Oilasidagilar grin-karta yutgani ortidan 10 yoshligida AQShga ko‘chib o‘tgan. O‘z ustida tinimsiz ishlagan Boburjon IELTS’dan 9, SAT imtihonidan esa maksimal 1600 ballni qo‘lga kiritgan. Hozirda u dunyoning top oliygohlari reytingida 16-o‘rinda turuvchi Jons Hopkins universitetining 4-bosqich talabasi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Amerika maktablarida o‘zbek yoshlariga munosabat, top OTMda o‘qish afzalliklari va o‘zining maqsadlari haqida gapirib berdi.

Boburjonning bolaligi Samarqand viloyati Toyloq tumanida o‘tgan. Mahallasidagi 14-umumta’lim maktabida o‘qigan Boburjon 10 yoshida oilasi bilan Nyu Yorkka ko‘chib ketgan. Orada yana vatanga qaytib, o‘rta sinfda o‘qishni davom ettirgan. Ikki mamlakat ta’lim tizimini ko‘rgan Boburjon O‘zbekistonda fanlar yodlashga asoslangan holda o‘qitilishi, Amerikada esa tanqidiy fikrlash va tahlil qilish asnosida o‘tilishini ta’kidlaydi.

Bizda matematika, geometriya, geografiya kabi fanlar erta, ya’ni 5-6-sinfdanoq chuqur o‘rgatiladi. Amerikada maktablarida esa 9-sinfdan keyin o‘tiladi. Aniq fanlar bo‘yicha O‘zbekistonda ta’lim olgan bolaning bazasi ancha erta va mustahkam shakllanadi. Shu sabab AQShdan Samarqandga qaytib o‘qigan vaqtimda tengdoshlarimdan ayrim fanlardan orqada, ayrimlaridan esa oldinda bo‘lganman. Ta’limdagi ikki xil muhitga moslashish biroz qiyin kechgan. Milliy tizimimizda asosan yodlatishga e’tibor qaratiladi. Amerikada esa o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash, savol yo‘llash, o‘z qarashlari va shaxsiy xulosalarini erkin bayon qilishiga urg‘u beriladi. Masalan, tarix fani misolida gapiradigan bo‘lsak, bizning maktablarda voqealar qayerda qachon bo‘lib o‘tganligi, unda kimlar qatnashganligini eslab qolish talab qilinsa, Nyu York maktablarida o‘sha voqealardan qanday dars, xulosa olish mumkinligi borasida o‘quvchilarining fikrini shakllantirishga ustunlik beriladi”, – deydi u.

Boburjon maktabni tamomlagandan so‘ng, 32 ta universitetga hujjat topshirib, ularning 24 tasiga qabul qilingan. Oliygohlar orasidan barcha xarajatlarni qoplovchi grant taqdim etgani uchun Jons Hopkinsda o‘qishni tanlagan. Uning aytishicha, chet elda o‘qish katta mas’uliyat bilan bir qatorda katta xarajatni ham talab qiladi. Agar talaba to‘liq grant taqdim etadigan universitetni tanlamasa, har semestrda kontrakt va yashash xarajatlarini qoplash uchun ishlab pul topishga majbur bo‘lishi mumkin.

Universitetimdan 380 ming dollar atrofida grant berilgan. Bu o‘qish, turar joy, ovqatlanish, hatto yozgi ta’tilda O‘zbekistonga kelib-ketish uchun aviachipta xarajatlarini ham o‘z ichiga oladi. Shu sababli moliyaviy bosim yo‘q, o‘qishimga to‘liq e’tibor qarataman. Agar to‘liq grant beradigan yaxshi universitetga kira olmasa, migrant talaba uchun o‘qish to‘lovi katta muammoga aylanishi mumkin. To‘g‘ri, boshlanishida ota-onasi bir yilligini to‘lab berar, biroq ikkinchi yildan boshlab har semester uchun 6-8 ming dollar atrofidagi mablag‘ni jo‘natish, ota-onalarga og‘irlik qiladi, Natijada talaba o‘qish bilan birga ishlashga majbur bo‘ladi. Bu esa uning diqqatini ikkiga bo‘ladi: na o‘qishda to‘liq natija bo‘ladi, na ishda. Shu sababli abituriyentlarga to‘liq grant beradigan eng kuchli universitetga kirishga harakat qilish yoki “El-yurt umidi” dasturiga hujjat topshirib, grant yutgandan keyin chetga o‘qishga ketishni maslahat bergan bo‘lardim”,