Buxoroda shifokor pichoq bilan o‘ziga zarar yetkazmoqchi bo‘lgan erkakni zararsizlantirib, qahramonlik ko‘rsatdi. Biroq erkakni mastlik darajasini aniqlash uchun narkolog huzuriga olib kelgan mayor va katta leytenant ushbu holatni beparvolik bilan kuzatib turdi. Ulardan biri – telefon “titib” o‘tirgan, vaziyat jiddiyligini ko‘rib turgan holda hatto o‘rnidan turgani ham yo‘q. Hozirda xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Tomoshabin mayor
So‘nggi kunlarda IIB xodimlari bilan bog‘liq bir nechta voqea OAV e’tiboriga tushdi: Andijonda keksa yoshdagi odam profilaktika inspektorini pichoqlab o‘ldirgan bo‘lsa, Buxoroda mast erkak o‘ziga jarohat yetkazmoqchi bo‘ldi. Biroq har ikki holatda pichoqli erkaklarni xodimlar zararsizlantira olmagan.
Buxoro shahrida sodir etilgan holatda mast erkak stol ustida turgan pichoqni olib, o‘ziga jarohat yetkazishga uringan. Buni ko‘rib turgan IIB xodimlari shunchalik beparvo bo‘lganki, hatto ulardan biri o‘tirgan o‘rnidan turmagan ham. Shu payt xonaga kirib kelgan narkolog vrach Elbek Dilov chaqqonlik va sovuqqonlik bilan mast erkak qo‘lidagi pichoqni tortib olgan va uni zararsizlantirgan. IIB xodimlaridan biri erkak qo‘lidagi pichoq yerga tushib ketgachgina uning yoniga yugurib borgan. Ikkinchisi esa shunda ham o‘rnidan turmay voqeani tomoshabin sifatida kuzatishni davom etgan.
Xizmat tekshiruvi tayinlandi
IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat 2 iyul kuni sodir bo‘lgan. Buxoro shahrining Losha mahallasida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan B.N. mast holatda uyida janjal qilgan. Holat yuzasidan voqea joyiga chiqqan profilaktika inspektorlari mayor D.Avezov va katta leytenant E.Muhamedov mastlik holatini aniqlash hamda huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirish maqsadida erkakni Buxoro viloyati narkologiya dispanseriga olib kelgan.
Narkolog ko‘rigidan o‘tkazish jarayonida mast erkak ichki ishlar organlari xodimlarining o‘ta mas’uliyatsizligi tufayli stol ustida turgan oshxona pichog‘ini qo‘lga kiritib o‘ziga jarohat yetkazish bilan tahdid qilgan. Narkolog vrach Elbek Dilovning o‘z vaqtida, jasorat bilan amalga oshirgan harakati natijasida fuqaro zararsizlantirilib, og‘ir oqibatga olib kelishi mumkin bo‘lgan fojianing oldi olingan.
Xozirda, profilaktika inspektorlari mayor D.Avezov hamda katta leytenant E.Muhamedovga nisbatan Ichki ishlar vazirligi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.









