“Ayol barchasini uddalay oladi, lekin erkakning mas’uliyatini u yopolmaydi” — Dildora, 41 yosh, Namangan

Dildora 16 yoshli o‘g‘lini va 14 yoshli qizini yolg‘iz katta qilgan. Uning fikricha, har qancha mehr, fidoyilik bilan tarbiya qilinsa-da, bolaga erkak shaxsdan namuna bo‘lishi kerak.

“Men bolamga yaxshi ona bo‘ldim, lekin yaxshi ota bo‘la olmadim. Unga qat’iyatlilik, erkakcha qaror qabul qilishni o‘rgatishga harakat qildim, lekin shuni angladimki, otaning o‘rni boshqacha. Shuning uchun uni jiyanim, akam bilan ko‘p muloqotda bo‘lishiga e’tibor berdim.

Ammo qizim masalasida juda qiynaldim. O‘g‘ildan ko‘ra qizlarga ota mehri, e’tibori juda kerak ekan. Otalardan iltimos qilardim, ajrimdan oldin “mening qizim bu mehrni, e’tiborni qayerdan, kimdan oladi?” deb o‘ylab ko‘rishlarini. Turmush o‘rtog‘im boshqa oila qilgan, lekin iltimos qildim qizim bilan munosabatni yo‘lga qo‘yishini, o‘zim tashkillashtirdim biror joyda birga ovqatlanishlarini. Shundan keyin qizimda yaxshi tarafga o‘zgarish sezdim. Xotirjamlik paydo bo‘ldi unda. O‘qishida, orzularida o‘zgarish bo‘ldi”.

“Yolg‘iz ayollarda aybdorlik hissi ko‘p bo‘ladi” — Fotima, 35 yosh, Toshkent

“Qizimni uch yoshidan beri yolg‘iz tarbiyalayapman. Turmush o‘rtog‘im avtohalokat tufayli dunyodan o‘tib qoldi. Avvaliga juda qiynaldim: ham ish, ham bola, ham odamlarning gap-so‘zi... Endi esa o‘ylayman: shu paytgacha og‘ir kunlar bo‘lmaganida, shunday kuchli ona bo‘la olmasdim.

Har kech, uxlashdan avval qizimni quchoqlayman. Unga “sen menga tuhfasan, sen borliging uchun dunyo menga shunchalik chiroyli ko‘rinadi. Sendan kuch olaman” deyman. Biz to‘liq oila emasmiz, ammo ona-bolalik muhabbatimiz to‘liq. Qizimda ham hech qanday ortiqcha komplekslar yo‘q. Maktabda faol, kitobxonlik musobaqalarida g‘olib bo‘lyapti, sinfdoshlari bilan juda yaxshi chiqishadi.

Menimcha, yolg‘iz boshi bilan bolalarini katta qilayotgan ayollarda aybdorlik hissi ularga farzand tarbiyasida xalaqit beradi. Ayol o‘zini “men bolam uchun yetarli emasman” deb o‘ylasa, buni bola ham his qiladi. Shunday deb o‘ylamaslik kerak – bu taqdir axir, peshonada yozilganidan qochib bo‘lmaydi. O‘zini kechirish, taqdirni qabul qilish va oldinga qarab yashash lozim”.

“Farzandlarimga hayotdagi eng katta tayanch bo‘lishga harakat qilyapman” — Nargiza, 34 yosh, Samarqand

“Birinchi yil juda og‘ir o‘tdi. O‘zim yig‘lardim, lekin bolamni kulishga o‘rgatardim. Boshqa ilojim yo‘q edi - o‘zimni to‘g‘ri ushlashga, kuchli ko‘rsatishga harakat qildim. Qizlarim hech qachon o‘zini kam his qilmasligi uchun ularning muhitiga e’tibor qaratdim – bog‘cha, raqs to‘garagi, dadasining o‘rnini bosadigan amakisi, bobosi ishtirokini ta’minladim”.