Özbekistonda metan narxi sönggi bir yilda 36,2 foizga qimmatlagan. Bu – inflatsiya yuzasidan Markaziy bank e’lon qilgan infografikada keltirilgan.

Regulyator, Milliy statistika qömitasi ma’lumotlariga tayangan holda, 2025 yil iyun oyi yakunlari böyiça yillik nisbatda narxi eng köp özgargan tovarlarni sanab ötdi.

Unga köra, sönggi bir yilda uzum (–5,2%), bodring (–37,7%), qovoq (–29,5%), olma (–23,7%), pomidor (–23,6%) va guruç (–16,7%) narxlari sezilarli arzonlaşgan.

Oxirgi 12 oyda eng köp narxi oşgan oziq-ovqatlar qatorini 43,5 foizga qimmatlaşgan paxta moyi boşqarib turibdi. Bu davrda karam 37,4 foizga, kartoşka 36,5 foizga, qöy göşti 32,0 foizga, mol göşti 30,5 foizga, kungaboqar yoği 28,9 foizga qimmatlagan.

2024 yil iyulidan 2025 yil iyunigaça bölgan davrda nooziq-ovqat mahsulotlar narxida deyarli pasayiş bölmagan. Faqatgina A4 qoğoz 6,7 foizga, maktab daftari esa 1,4 foizga arzonlaşgan xolos. Narxi birozgina oşgan tovarlar jumlasiga konditsioner (+0,4%), mobil telefon (+0,8%), televizor (+1,0%) va sement (+1,3%) kiradi.

Eng köp qimmatlaşgan nooziq-ovqat tovar – bu metan: 36,2 foiz. Keyingi örinlarni dorilar egallab turibdi: vitaminlar 12,5 foizga, antibiotiklar 11,8 foizga, antigistamin preparatlar 11,8 foizga qimmatlagan. Şuningdek, propan 11,3 foizga, atir sovun narxlari 10,3 foizga kötarilgan.

Markaziy bank infografikasida narxida eng köp özgariş bölgan xizmatlar haqida ma’lumot berilmagan.

Avvalroq Statistika qömitasi iyunda 0,2 foizlik deflyatsiya qayd etilganini ma’lum qilgandi. Yillik nisbatda inflatsiya 8,7 foizni taşkil etgan.