«„Janubiy“ qo‘shinlar guruhining Kramatorsk-Drujkovsk yo‘nalishidagi hujum harakatlari natijasida Chasiv Yar shahri ozod qilindi», – deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida.

Shu kuni Rossiya Z-kanallarida rus askarlari shaharning turli qismlarida – zavod hududida, Levanovskiy, Shevchenko va Yujniy mikrorayonlarida bayroqlar o‘rnatayotgani aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi.

Ukraina tomoni esa Rossiya harbiylarining Chasiv Yarni egallab olgani haqidagi da’volari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda.

«Chasiv Yardagi vaziyat so‘nggi oylardagidan o‘zgargani yo‘q», – dedi «RBK-Ukraina» nashriga «Xortitsa» qo‘shinlari guruhi rasmiysi Viktor Tregubov.

Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari shaharning sharq va shimoldan katta qismini egallashga muvaffaq bo‘lgan, ammo g‘arbiy va janubi-g‘arbiy chekkalar Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda.

Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) bir kun oldin Chasiv Yarning o‘zida, shuningdek uning shimoli, shimoli-sharqi va janubida davom etayotgan janglar haqida xabar bergandi. «30 iyul kuni Rossiya qo‘shinlari Chasiv Yar yo‘nalishida hujum harakatlarini davom ettirdi, biroq tasdiqlangan progressga erisha olmadi», – deb yozgan ISW.

Ukraina harbiylari Chasiv Yar uchun janglar davom etayotganini ta’kidlamoqda.

Baxmut uchun janglar boshlangan 2022 yildan beri Chasiv Yar Ukraina qurolli kuchlarining asosiy logistika punkti bo‘lib, kuchli zarbalarga uchragan.

Chasiv Yarning o‘zida jangovar harakatlar 2024 yil aprel oyida boshlangan. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘shanda Rossiya harbiy rahbariyati Chasiv Yarni 2024 yil 9 maygacha egallash vazifasini qo‘yganini aytgandi.

Ammo shaharni olish operatsiyasi bir yildan ko‘proq vaqtga cho‘zildi. Ko‘cha janglari va tinimsiz o‘qqa tutishlar natijasida shahar deyarli butunlay vayron bo‘lgan.

Chasiv Yar o‘rnida hozirda faqat vayronalar qolgan

Keng ko‘lamli urushdan oldingi Chasiv Yar