8-sentabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Norvegiyaning 89 yoshda vafot etgan qiroli Harald V dafn marosimida qatnashish uchun Moldova poytaxti Kishinyovdan Osloga uchgan, u yerdan Islandiya orqali Kanadaga yoʻl olgan.

Moldova va Norvegiya rasmiylariga koʻra, oʻsha kuni dronlar hujumi xavfi tufayli Ukraina prezidenti reysi kechiktirilgan.

Kishinyovdagilar Reuters agentligiga Moldova havo hududi dron tufayli yopilganini maʼlum qilgan. Jami toʻrtta uchib ketuvchi va toʻrtta qoʻnuvchi reys bekor qilingan.

Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore mahalliy NRK telekanaliga shunday degan: «Uning samolyoti Moldovadan uchib ketayotganda dron bilan toʻqnashishiga sal qoldi. Bu u toʻqnashishga majbur boʻlgan reallik».

U dron samolyotga qanchalik yaqin kelgani boʻyicha aniqlik kiritmagan.

Moldova Liberă nashri yozishicha, mamlakat havo kengligidagi dron haqidagi signal soat 16:30 da olingan. Soat 17:20 dan oʻtganida dron Kishinyov aeroportidan taxminan 160 kilometr naridagi Rishkanskiy rayoni Stariye Mixayleni qishlogʻi hududiga qulagan. Shundan keyin cheklovlar olib tashlangan va Zelenskiyning samolyoti uchib ketgan.

Oʻz navbatida AFP agentligining Ukraina prezidenti ofisidagi manbasi Norvegiya bosh vazirining Zelenskiy samolyoti dron bilan toʻqnashishiga bir baxya qolgani haqidagi bayonotini «mubolagʻa» deb atagan. «Dron Moldova va Ruminiya havo hududiga kirganida Moldovada trevoga qilindi», – deya qayd etgan agentlik suhbatdoshi.

Ammo Britaniyadagi Financial Times gazetasi (nashr muxbiri prezident samolyoti bortida boʻlgan) Norvegiya bosh vazirining jiddiy xavf toʻgʻrisidagi soʻzlarini tasdiqlab, bu rossiyaliklarning reaktiv dvigatelli, «shahid» tipidagi droni boʻlganini aytgan.

Ukrainalik rasmiylardan biri anonim tarzda ushbu nashrga bergan intervyusida dron Ukraina prezidenti bortini nishonga uchgan holda uchgan boʻlishi mumkinligini, chunki u samolyotga yetarlicha yaqin kelganini aytgan.

FT suhbatdoshlariga koʻra, Zelenskiy dronni urib tushirish uchun Ukrainaning F-16 qiruvchi samolyotini havoga koʻtarishni taklif qilgan. Xabarda Ukraina hukumati hodisa yuzasidan tekshiruv olib borayotgani maʼlum qilingan.

Moldovaning AQShdagi elchisi Vladislav Kulminskiy CNN nashri bilan suhbatda 8-sentabr kuni mamlakat havo kengligida dron paydo boʻlishi «tasodif emasligi»ni aytgan. «Ukraina prezidenti samolyoti aeroportda turgan bir paytda, reaktiv dronlar Moldova hududiga shunchaki kuzatuv maqsadida uchib kirganiga ishonmaymiz», – degan Kulminskiy.