Jahon | 14:50 / 09.08.2025
2791
2 daqiqa o‘qiladi

Nagasaki meri yadro urushi xavfi ortib borayotganidan ogohlantirdi

Nagasakida 80 yil avval AQSh tomonidan shaharga tashlangan atom bombasi qurbonlari yodga olindi. Shahar meri Shiro Suzuki dunyoni yadro qurolidan voz kechishga chaqirdi.

Shiro Suzuki Foto: APA

Yaponiyaning Nagasaki shahri meri Shiro Suzuki 9 avgust, shanba kuni AQSh tomonidan 80 yil avval shaharga tashlangan atom bombasi qurbonlarini xotirlash kunida dunyoni yadro qurolidan voz kechishga chaqirdi. Shu bilan birga, Suzuki yadro urushi xavfi ortib borayotganiga ishora qildi. «Insoniyatning bu ekzistensial inqirozi sayyoramizdagi har birimiz uchun bevosita muammoga aylandi», dedi u nutqida.

Amaldor dunyoni Nagasaki yadroviy halokatga uchragan oxirgi shahar bo‘lib qolishi uchun tarixdan saboq olishga chaqirdi.

Mahalliy vaqt bilan roppa-rosa 11:02 da — 1945 yil 9 avgustda Nagasaki osmonida Amerikaning B-29 Bockscar bombardimonchisi tomonidan "Baqaloq" (Fat Man) atom bombasi portlagan payt — ushbu fojiali voqea qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan marosim ishtirokchilari bir daqiqalik sukut saqladi.

Birgina Nagasakida o‘sha bomba portlashi oqibatida 70 000 kishi halok bo‘ldi, yana 75 000 kishi yaralandi. Undan uch kun oldin Qo‘shma Shtatlar Xirosima shahrini kichikroq atom bombasi bilan vayron qilgan edi.

1945 yil 15 avgustda Yaponiya Ikkinchi jahon urushida taslim bo‘ldi. Xirosima va Nagasaki atom bombasi tomonidan vayron qilingan dunyodagi birinchi va hozirgacha yagona shaharlarga aylandi. Bugungi kunda bu shaharlar urush dahshatlarining timsoliga aylangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid