O‘zbekistonda xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tashabbus bilan chiqish taqiqlanmoqda.

Prezident tomonidan 17-avgust kuni imzolangan qonunga binoan, bir nechta qonunlarga quyidagicha qo‘shimcha kiritildi:

“Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan ob’yektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan o‘tkazish natijalarini qayta ko‘rib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish deb baholanadi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi”.

Mazkur qoida “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga ham kiritildi.

Qonun rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach – 2026-yil 18-iyuldan kuchga kiradi.

Ma’lumot uchun, yuqoridagiga o‘xshash norma 2017-yil 17-yanvardagi 4633-sonli prezident farmonida ham belgilangan edi. Ushbu farmonga ko‘ra, davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qilish organlari va sudlar tomonidan xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, ob’yektlar qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalarini o‘rtaga qo‘yish taqiqlangan.