Prezident oʻn yillik iqtisodiy oʻsishni sarhisob qildi. Telefon raqami orqali bankdan pul oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Davlat bogʻchalarida ota-onalar toʻlovi miqdori oshirildi. Mahalla aholisi profilaktika inspektoriga ishonchsizlik bildirishi mumkin boʻladi. Samarqandda odamlarni juda katta pulga chuv tushirgan ichki ishlar xodimi 8 yilga qamaldi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident oʻn yillik iqtisodiy oʻsishni sarhisob qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda ishtirok etdi va yigʻilganlarni bayram bilan tabrikladi.
«35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar oʻzining koʻlami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr boʻldi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi», – dedi prezident.
Ushbu oʻzgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va oliyjanob xalq ekani taʼkidlandi. Mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-roʻz yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga taʼlim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar mehnatida namoyon boʻlishi qayd etildi.
Shuningdek, davlat rahbari soʻnggi oʻn yilda xalq bilan hamjihat boʻlib amalga oshirilgan ishlar haqida soʻz yuritdi.
«Oʻtgan davrda mamlakatimizga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirdi. Iqtisodiyotimiz 2,5 barobardan ziyod koʻpaydi. Joriy yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda», – dedi Mirziyoyev.
Telefon raqami orqali bankdan pul oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyiladi
Markaziy bank Tezkor toʻlovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida pul oʻtkazmalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqladi.
Ularga muvofiq, jismoniy shaxslar bir-biriga mobil telefon raqami asosida bank hisobvaraqlaridan pul oʻtkazishi mumkin boʻladi. Buning uchun oluvchining mobil telefon raqami uning bank hisobvaragʻiga bogʻlangan boʻlishi kerak.
Barcha jarayonlar avtomatik ravishda real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Bunda banklar axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, firibgarlik holatlarining oldini olish boʻyicha belgilangan talablarga rioya qilishi shart.
Bunday pul oʻtkazmalari uzluksiz - sutkasiga 24 soat, haftasiga 7 kun amalga oshiriladi. Agar mijoz pul oʻtkazish uchun bankka bevosita murojaat qilsa, operatsiya bankning ish kunlari va ish vaqtida bajariladi.
Davlat bogʻchalarida ota-onalar toʻlovi miqdori oshirildi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, davlat bogʻchalarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdori oshirildi.
Yangi miqdorlar bu safar qatʼiy summada belgilanmasdan, bazaviy hisoblash miqdoriga bogʻlandi. Kun.uz hisob-kitoblariga koʻra, toʻlovlar miqdori oʻrtacha 6,8 foizga koʻtarilgan.
Soʻnggi marta bogʻcha toʻlovlari 2024-yil 1-iyun va 2025-yil 1-yanvardan boshlab oshirilgan edi. Yangi narxlarni hisoblashda 1-sentabrdan kuchga kiradigan bazaviy hisoblash miqdoridan (440 ming soʻm) kelib chiqilsa, Toshkent shahrida bolaning bogʻchada kunlik boʻlish vaqti 10,5 soatni tashkil qilganda toʻlov miqdori 324 ming soʻmdan 346 ming soʻmga koʻtarildi. Viloyat markazlarida bu toʻlov 315 ming soʻmdan 336 ming soʻmga, tuman markazlarida 242 ming soʻmdan 258 ming soʻmga oshdi.
Shu bilan birga, amaldagi tartibga koʻra, agar bogʻchaga oiladagi bir necha bola qatnasa, toʻlov miqdori kamaytiriladi. Hukumat qarori 2026-yil 25-avgustdan kuchga kirdi.
Mahalla aholisi profilaktika inspektoriga ishonchsizlik bildirishi mumkin boʻladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 25-avgust kuni «Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi toʻgʻrisida»gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan profilaktika inspektorining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda xizmatni oʻtash tartibi belgilanmoqda.
Qonun loyihasiga koʻra inspektorning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashish, uni xizmat vazifalari bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish va unga qoʻshimcha vazifalar yuklash taqiqlanadi. Profilaktika inspektorining aholi oldidagi hisobdorligi kuchaytiriladi: u har chorakda xizmat hududida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan aholi va jamoatchilik oldida hisobot beradi. Aholining profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan «ishonchsizlik tashabbusi»ni bildirish mexanizmi joriy etiladi.
Samarqandda odamlarni juda katta pulga chuv tushirgan ichki ishlar xodimi 8 yilga qamaldi
Samarqandda odamlardan avtomobillarini sotib berish vaʼdasi bilan olib, pulini bermay yurgan ichki ishlar xodimiga nisbatan sud hukmi oʻqildi.
Mazkur jinoyat va unda gumonlanayotgan leytenant Bunyod Yazdonov haqida Kun.uz avvalroq surishtiruv eʼlon qilgan edi.
Bunyod Yazdonov IIB yoʻl-harakati xavfsizligi xizmati leytenanti boʻlgan. Unga ishonib aldangan fuqarolarning ishonchiga avvalo uning formasi va lavozimi sabab boʻlgan. Odamlar uni davlat tizimi vakili sifatida qabul qilgan. Chunki u fuqarolar oldiga formada, xizmat mashinasida borgan. Odamlarni qimmatbaho mashinalarini sotib berishini, qisqa muddatda pullarini qaytarib berishini aytib ishontirgan.
Oʻnlab, ehtimol yuzlab odamlar uning vaʼdalariga aldangani aytilmoqda. Jabrlanganlar soni koʻp, shu bois yetkazilgan zarar miqdori ham katta. Bunyod Yazdonov suddagi koʻrsatmasida millionlab dollar haqida gapirgan.
Sud Bunyod Yazdonovni Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 168-moddasi 4-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyat – juda koʻp miqdordagi firibgarlikda aybdor deb topdi va unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.








