Toshkentdagi "Algorismus" xususiy maktabi rahbari O‘g‘iloy Qobulova Kun.uz bilan suhbatda ta’limda pedagogik mahoratli o‘qituvchilarning kamayib ketayotgani, xususiy maktablarning yutug‘i haqida gapirdi.
Ta’limda eng og‘riqli nuqta – o‘qituvchilar
Hozirgi kunda ta’limda eng og‘riqli nuqtamiz bu o‘qituvchilardir. Ya’ni pedagog mahorati yetarli ustozlarni tanlab olish hamda ular bilan birgalikda o‘quvchilarga ta’lim berish eng dolzarb muammo deb bilaman. Sababi, o‘qituvchilik kasbiga ishtiyoqi bor va o‘z mahorati ustida ko‘proq ishlaydigan ustozlar kamayib ketdi, buni tan olish kerak.

Xorijiy tilni o‘qitish uchun pedagog ikki tilni mukammal bilishi kerak. Bizning maktabimizda mahalliy o‘qituvchilar bilan birga xorijlik ustozlar ham mavjud. Ularni e’lon berish orqali topib, birma-bir dars mahoratlarini ko‘rib chiqdik. Ulardan biri Amerikada katta bo‘lgan o‘zbek. Chunki ikkita tilni bilgan ustoz o‘rgatayotgan tilini o‘quvchiga yetkazib bera oladi. Ba’zida shunday bo‘ladiki, faqat ingliz tilini biladigan o‘qituvchi qabul qilinadi-da, lekin u bizning tilimizni bilmaydi. O‘quvchiga til ta’limini berayotganda ikkita tilni bilish kerak deb o‘ylayman. Bundan tashqari rus tilida o‘tiladigan darslarimiz uchun rossiyalik ustozlarni ham qabul qilganmiz.
Xususiy maktablar davlat maktablaridan bola soni bilan ajralib turadi. Sinfda bola soni qanchalik kam bo‘lsa, shunchalik e’tibor kuchli bo‘ladi. Har bir o‘quvchiga psixologik, logopedik hamda o‘qituvchining o‘z e’tibori ham ko‘proq beriladi. Shunda o‘quvchi o‘zini o‘quvchidek his qilib, kamchiligi ustida ishlashi mumkin. Ba’zi bir o‘quvchilarimizda kamchilik emas, yutuq ko‘p bo‘ladi. Ularning yutuqlarini yana-da oshirish uchun e’tibor, vaqt kerak. Xususiy maktablarning yutug‘i ham shunda deb o‘ylayman. Kimningdir aniq fanlarga, kimningdir gumanitar fanlarga qobiliyati bo‘ladi. Aynan shu jihatlarni pedagog-psixologlar ochib beradi va ota-onalar bilan maslahatlashgan holda bolaning yana ham shu jihatlarini rivojlantirishga yordam beradi.

Hozirda ko‘pchilik bolalarda oyoqlarini qiyshiq bosish, bukurlanib o‘tirish holatlari kuzatiladi. Shuning uchun o‘quvchilarimiz orasida har kunlik gimnastika mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yganmiz. “Sog‘ tanda sog‘lom aql” deyishadi. Shuning uchun avval tanani to‘g‘ri rivojlantirib, keyin bilim darajasini yana ham oshirmoqchi bo‘lyapmiz. Bilsangiz, Yaponiya, Xitoy kabi rivojlangan mamlakatlar bolalarga har kuni ertalab 10-15 daqiqalik tananing ikki tarafini ham ishlatuvchi jismoniy mashqlar qildiryapti. Biz ham maktabimizda soat 8 dan 8:30 gacha bolalarimiz bilan ana shunday mashqlar olib boramiz. Maqsadimiz bola organizmini uyg‘otib olish va miyaning ikki yarimsharini bir xilda ishlatish. Bola mashqlar tamomlangach, sekin ovqatlanib, darsga kirib keladi va bir maromda o‘qishni boshlaydi. Biz shu kabi xorij metodikalarini maktabimizga olib kiryapmiz.










