Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotning bir qismi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini joriy etishga bagʻishlandi.

Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini taʼminlash maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi joriy etiladi.

Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr shakllantiriladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning taʼlimi, malakasi va kasbiy faoliyatiga oid maʼlumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.

Davlat roʻyxatidan oʻtishni 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik davlat roʻyxatidan oʻtmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shugʻullana olmaydi.

Baholash bosqichma-bosqich – fundamental va klinik fanlar, keyin esa mutaxassislik boʻyicha amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan oʻta olmagan mutaxassislarga qayta topshirish imkoniyati beriladi.

Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq kirgan xodimlarni ragʻbatlantirish ham nazarda tutilgan. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtib, davlat roʻyxatiga kiritilgan oliy maʼlumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga 2,5 baravarigacha ustama toʻlash taklif etildi.

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Taqdimotda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Zamonaviy tibbiyotda diagnostika va davolash usullari, dori vositalari va texnologiyalar tez yangilanib borayotgani bois, mutaxassislarning bilim va amaliy koʻnikmalarini muntazam oshirib borish muhimligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yangi uzluksiz kasbiy taʼlim tizimi joriy etiladi. Taʼlim provayderlari va dasturlari akkreditatsiyadan oʻtkazilib, jarayonlar raqamlashtiriladi.