Navoiy shahridagi Tinchlik Plaza mehmonxonasida eshik og‘asi bo‘lib ishlovchi 21 yoshli yigit mijoz tomonidan kaltaklandi. Holat yarim tunda, mehmonxona hovlisida “PREZIDENT SOVG’ASI” deb yozilgan mashina oldida sodir bo‘lgan. Ushbu mashina paralimpiada chempioni Elbek Sultonovga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Eshik og‘asini sportchi bilan birga kelgan shaxs urgan.

Navoiy shahridagi Tinchlik Plaza mehmonxonasi xodimi mijoz tomonidan kaltaklandi. Kun.uz’ga ushbu holat aks etgan videolavha kelib tushdi.

Videolavhada ko‘rinishicha, janjal 21 avgust kuni yarim tunda mehmonxona hovlisida, “PREZIDENT SOVG’ASI” deb yozilgan mashina oldida sodir bo‘lgan. Mehmonxona xodimi, 2004 yilda tug‘ilgan M.U. mijoz bilan suhbatlashib turgan, ularning oldiga mashinadan paralimpiada chempioni Elbek Sultonov tushib kelgan. Shunda boyagi shaxs kutilmaganda M.U.ning yuz qismiga zarba bergan. Yigit zarba kuchidan yerga yiqilib qolgan.

Kun.uz M.U. bilan suhbatlashdi. Uning ta’kidlashicha, janjalga 150 ming so‘m pul sabab bo‘lgan.

Mehmonxonada eshik og‘asi bo‘lib ishlayman. O‘sha kuni sportchi Elbek Sultonov va uning sherigi, keyinchalik bilishimcha Sardor ismli yigit restoranga mijoz sifatida kelishgandi. Ular chiqishayotganda ofitsiant menga “Bularga kassa ko‘rsatib yuboring, 150 ming so‘m to‘lovlari bor”, dedi. Ular tashqariga chiqishdi, ketidan chiqdim. Hozir bank kartasiga tashlab beramiz dedi, kutib turdim, ammo ofitsiant chiqavermadi. Shunda ular ketamizga tushishdi. Ofisiant chiqib, orani ochmaguncha kutib turishim kerak edi. Janjal shundan chiqdi. Sardor kutilmaganda urib tashladi”, deydi yigit.

M.U.ning qo‘shimcha qilishicha, u qariyb 10 kunga yaqin shifoxonada yotib, davolangan. Biroq ushbu davrda urgan yigit kelib kechirim so‘ramagan. Holat aks etgan video tarmoqlarda tarqala boshlagach, shuningdek, olib borilayotgan tergov harakatlari ortidan zo‘ravon M.U.ning uyiga borib, ota-onasidan kechirim so‘ragan.

Mehmonxonada birga ishlaydigan yigitlar tez yordamga xabar berishgan. Tez yordan kelgunicha urgan shaxslar qochib ketgan. M.U.ning esa ahvoli og‘irlashgan. Hasan ismli hamkasbi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialiga olib borgan. Navbatchi shifokor 1-2 ta dori-darmon qilib, jo‘natib yuborgan. Ertasi kuni yana ahvoli og‘irlashgan va ota-onasi qayta Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialiga olib borgan. U yerda neyroxirurg ko‘rib, IIBga xabar bergan. Bu orada urgan yigitning sherigi, ya’ni sportchi kelib, shifokor bilan gaplashib ketgan. M.U. dushanba kuni “Bo‘yin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi. Asteno-nevrotik sindrom” tashxisi bilan chiqarib yuborilgan. Juma kuni yana qayta kasalxonaga yotqizildi. Bosh miyasini MRT qilib, tekshirib ko‘rdik, unda yaqqol bosh miya chayqalish holati bor edi