Sog‘lom hayot | 23:26 / 13.09.2025
10469
3 daqiqa o‘qiladi

Kuzda bolalar kasal bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak? – mutaxassis tavsiyasi

Sentyabr oyi boshidan havo salqinlab, harorat asta-sekin pasayadi. Bu davrda gripp va boshqa mavsumiy virusli kasalliklar xavfi ortadi. Bolalarda immunitet sustlashib, shamollash holatlari ko‘payadi. Mazkur vaziyatda organizmning ichki kurash qobiliyatini oshirib, gigiyenik qoidalarga amal qilish muhim o‘rin tutadi. Mutaxassis kuzgi mavsumiy infeksiyalardan bolalarni himoyalash bo‘yicha o‘z tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Dilobar Hidoyatova Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Kuz kelib, havo harorati asta-sekin pasayib bormoqda. Bu faslda ko‘pchilik, ayniqsa, bolalarda immunitet sustlashib, shamollash va mavsumiy virusli kasalliklarga chalinish xavfi ortadi. Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri Dilobar Hidoyatova bu borada o‘zining bir qancha tavsiyalarini berdi.

Ularning barchasi bilan tanish va amal qilayotgan bo‘lishingiz mumkin, ammo eslatma zarar qilmaydi.

Qo‘l gigiyenasi

Bolalar maktab va bog‘cha hamda jamoat transportida odamlar bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Bu esa viruslarning oson tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shu sababli:

  • qo‘llarni ovqatdan oldin va keyin hamda hojatxonadan chiqqach, doimo sovunlab yuvish;
  • o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI)ga chalingan bemorlar bilan yaqin muloqotni cheklash lozim.

Shamollaganda uyda qolish

Kuzda gripp va O‘RVI kasalliklari havo-tomchi yo‘li orqali tez tarqaladi. Shu bois bolada shamollash belgilari kuzatilsa, uyda qolishi zarur. Chunki bunday holatda maktabga borish, kasallikning boshqalarga ham yuqishiga sabab bo‘ladi.

Kiyim-kechakning havoga mos bo‘lishi

Kuz havosi o‘zgaruvchan. Bir kun issiq, bir kun esa salqin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun:

  • mavsumga mos, ya’ni juda yengil ham, juda qalin ham kiyinmaslik;
  • nam ust-boshda yurmaslik va ularni tezda almashtirish lozim.

To‘g‘ri ovqatlanish va kuchli immunitet

Har bir bola mustahkam immunitetga ega bo‘lishi uchun uning taomlanishiga alohida e’tibor qaratish kerak. Jumladan:

  • ratsionda ko‘proq mevalar (olma, xurmo, anor), sabzavotlar (karam, lavlagi, brokkoli, baqlajon, sarimsoqpiyoz), ko‘katlar, sut va baliq mahsulotlari, tovuq go‘shti, tuxum, loviya, no‘xot kabi yeguliklar bo‘lishi;
  • sovuqqa qarshi damlama (zanjabil, limon, asal bilan) ichish;
  • turli shirinliklar, gazli va energetik ichimliklar, chips hamda «suxarik»larni iste’mol qilmaslik zarur.

Uyqu va dam olish tartibiga rioya qilish

Maktab yoshidagi bolalar har kuni 810 soat tiniqib uxlashi tavsiya etiladi. Chunki bunday hordiq immunitetni mustahkamlab, o‘qishda faol bo‘lishga yordam beradi. Shu bois:

  • bolalarning erta uyquga yotishi va uxlashdan avval telefon yoki planshet o‘ynamasligini nazorat qilish;
  • ularni har kuni bir vaqtda uxlab, bir paytda turishga odatlantirish lozim.

Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish

Bolalar har kuni:

  • yuz-qo‘llarini yuvishga odatlanishi;
  • tishlarni kunda 2 mahal (ertalab va kechqurun) tozalashi;
  • kiyimlarini tez-tez almashtirishi kerak.

Agar bolalar gigiyena va salomatlik qoidalariga qanchalik erta odatlansa, har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetadi, deya xulosa qildi SSV.

Mavzuga oid