Trampga ko‘ra, Madriddagi Xitoy-Amerika savdo muzokaralari yaxshi o‘tgan, yoshlar uchun platformani saqlab qolish bo‘yicha kerakli kelishuvga erishilgan. TikTokʼning xitoylik egasi o‘zining Amerikadagi operatsiyalari uchun xaridor topishi kerak. Aks holda AQShda taqiqlanishi mumkin bo‘lgan muddat yaqinlashib kelmoqda.

Shu yilning yanvar oyida AQSh Oliy sudi o‘tgan yil ishlab chiqilgan qonunni tasdiqlagan va kompaniya agar AQShdagi operatsiyalarni bermasa, ilova Amerika hududida butunlay taqiqlanishi eslatilgan.

AQSh Adliya vazirligi TikTokʼning amerikalik foydalanuvchilar ma’lumotlariga ega bo‘lib turishini - “milliy xavfsizlikka katta miqyosdagi tahdid” deb biladi.

TikTok esa bir necha bor AQShdagi operatsiyalarida to‘liq mustaqil ekanligini va Xitoy hukumatiga hech qanday ma’lumot berib turmasligini ta’kidlagan. Kompaniyaga ko‘ra, bu taqiq AQShdagi 170 million foydalanuvchilarning so‘z erkinligi va ma’lumotlar himoyasini buzadi.

Bloklash qonuni kuchga kirgandan so‘ng, yanvar oyida Tramp masalaga aralashgan hamda ilovani bloklashni 75 kunga kechiktirishga rozi bo‘lgandi. O‘shandan beri oxirgi muddat uch marta uzaytirildi va so‘nggi muddat etib 17 sentabr belgilangan.

Ilgari platformaning potensial xaridorlari sifatida turli shaxslar, jumladan Tesla egasi Ilon Mask, biznesmen MrBeast va milliarder investor Frenk Makkurt ko‘rsatilgan.