Toşkent şahridagi “Premier Motors Auto” MÇJ vakillariga nisbatan jinoyat işi qözğatildi. Tergov hujjatlariga köra, ular maşina olib beriş va’dasi bilan fuqarolarni aldab kelişgan. Jabrlanuvçilar tergov jarayonlaridan norozi ekanliklarini, rasmiy idoralarga qilingan murojaatlaridan naf çiqmayotganini aytmoqda.
Bir guruh fuqarolar Kun.uz’ga murojaat qilib, Toşkent şahridagi “Premier Motors Auto” MÇJ faoliyatidan norozi ekanliklarini bildirdi. Ularning ta’kidlaşiça, avtosalon vakillari maşina olib beriş va’dasi bilan aldaşgan. Biroq oylar ötganiga qaramay na maşina olib berişgan, na tölov pulini qaytarişgan.
Jabrlanuvçilardan biri Equinox oliş maqsadida avtosalonga 235 mln söm tölaganini, biroq 9 oydan beri turli va’dalar bilan aldab kelişayotganini ta’kidladi.
“Maşina qaçon keladi, deya sörasak, har safar ertaga, indinga, obeddan keyin çiqadi, deb aldayverdi. Avtosalondagi xodimlar ham maşinangiz kelyapti, deb bizni aldaşdi. 9 oydan beri işimiz hal bölmayapti”, deydi fuqaro Ravşan Hasanov.
Kun.uz tanişgan ayblov xulosasida keltirilişiça, Ravşan Hasanov Yakkasaroy tumani, Quşbegi dahasida joylaşgan “Premier Motors” avtosaloniga maşina xarid qiliş maqsadida borgan. “Premier Motors Auto” MÇJ menejeri D.I. Ravşan Hasanov bilan uçraşgan hamda unga özini uşbu avtosalon rahbari sifatida taniştirgan. Söngra 235 mln söm evaziga Equinox maşinasini qisqa muddatda olib kelib berişini va’da qilgan. Unga işongan Ravşan Hasanov uşbu miqdordagi pulni tölagan. U va “Premier Motors Avto” MÇJ direktori Ş.R. örtasida 2024 yil 13 dekabr kuni “Konsalting xizmatlar körsatiş yuzasidan” 8-sonli şartnoma tuzilgan. Biroq ötkazilgan sudga oid xatşunoslik ekspertizasi şartnomadagi MÇJ rahbarining imzosi qalbakilaştirilgani, uni D.I. qöygani haqida xulosa bergan.
Jabrlanganlarning aytişiça, aldanib qolganlarning aksariyati Instagram ijtimoiy tarmoğida körsatilgan reklamaga işonib tölov qilgan. Ular orasida 67 ming, 35 ming, 10 200 dollar, 235 mln söm tölov qilgan fuqarolar bor.
“Premier Motors”da işlaydigan D.I.ni ançadan beri tanirdim. Unga Cobalt maşinasi kerakligini aytdim. U menga ikki kundan keyin aloqaga çiqib, Cobalt borligini hamda bir hafta muddatda maşinani çiqarib berişini aytgandi. Şunga işonib men ham Cobalt maşinasiga 10 200 dollar pul berdim. Avtosalonga borib tölov qilmaganman, D.I.ning qöliga berganman. U uyimga kelib pulni olib ketgan. Şu bilan ana çiqyapti, mana çiqyapti deb vaqt çözildi. Haligaça maşinani olganim yöq”, deydi fuqaro Valixon A’zamov.
Yana bir jabrlanuvçi Saidikrom Saidumarov esa Lixiang L9 maşinasini xarid qiliş niyatida avtosalonga borib, aldangan.
“2024 yil dekabr oyida Quşbegidagi “Premier Motors” avtosaloniga maşina oliş maqsadida borganmiz. Öşa yerda bir qiz kutib olgan. Lixiang L9 maşinasiga 67 ming dollar tölov qilganman. Öşa paytda bu maşina 70 ming dollar edi. “Premier Motors”dagi qiz bilan gaplaşganimda u maşina narxi 67 ming dollar ekanini aytib, aldab bizni çaqirib olgan. Boşqa joydan 2-3 ming dollar arzon ekan, deb qiziqib borganmiz-da. Keyin bilsak D.I. maşennik bola ekan” deydi u.
Avvalroq “Premier Motors Auto” MÇJ ta’sisçilaridan biri, menejeri va işçilari firibgarlikda gumonlanayotgani, xususan, avtosalon menejeri 20 ga yaqin holatda maşina olib beriş yoki sotib oliş va’dasi bilan fuqarolarni aldagani hamda tölangan milliardlab söm pullarni öz ehtiyojiga işlatib yuborgani xabar qilingandi. Umumiy hisobda özlaştirilgan mablağ 7 mlrd sömdan ortiq.
Jinoyat işining “Premier Motors Auto” MÇJ ta’sisçilaridan biri Ş.R. va jamiyatning bir neçta işçilariga oid qismi ajratilib, alohida iş yurituviga olingan.






