Emotsional intellekt insonning öz hissiyotlarini anglaş, ularni boşqariş va boşqalarning his-tuyğularini töğri tuşuniş qobiliyatidir. Oddiy qilib aytganda, bu – hislar yordamida töğri fikrlaş va qaror qabul qiliş san’ati. Yuqori emotsional intellektga ega inson öz kayfiyatini boşqara oladi, stressni yengadi va boşqalar bilan soğlom munosabat örnatadi.
Anglaş
Şaxsiyatni idrok etiş emotsional intellektning eng muhim jihatlaridan biridir. Mazkur könikma insonning öz his-tuyğularini tanib oliş, ularning sababini tuşuniş va nazorat ostida uşlay oliş qobiliyatini ifodalaydi. Özini anglay olgan inson nima uçun xafa bölayotganini, nimadan jahli çiqayotganini yoki qaysi holatlarda özini yomon his qilayotganini biladi. U şunçaki his-tuyğular oqimida harakatlanmaydi, balki ularni kuzatadi, tahlil qiladi va ongli ravişda boşqaradi.
Masalan, emotsional intellekti yuqori inson stressga tuşganda yoki tanqid eşitganda darrov javob qaytarmaydi. U biroz jim turadi, nafasini rostlaydi va vaziyatni vazminlik bilan baholaydi. Şu tariqa, u salbiy his-tuyğularni öziga zarar yetkazmaydigan şaklda ifoda etadi. Uşbu odat nafaqat iş jarayonida, balki şaxsiy hayotda ham muhim ahamiyatga ega. Iş joyida bunday insonlar muammolarga bosiqlik bilan yondaşadi, ziddiyatli vaziyatlarda muloqotni davom ettira oladi va töğri qaror qabul qiladi. Şaxsiy hayotda esa u öz his-tuyğularini söz bilan ifodalab, nizo hamda tuşunmovçiliklarning oldini oladi.
Boşqariş
Hissiyotlarni boşqariş ularni yöqotişni anglatmaydi, aslida tuyğularni töğri yönaltiriş hisoblanadi. Inson ğazabni ijodiy energiyaga aylantirişi, hafsalasizlikni sabr va qat’iyatga aylantirişi mumkin. Bu jarayon uçun öz-özini kuzatiş, vaziyatda ongli yondaşuv bilan çiqiş, vazminlik bilan fikrlaş kabi oddiy maşqlar katta yordam beradi. Şuningdek, kundalik hayotda öz his-tuyğularingizni yozib boriş, ya’ni “hissiyot kundaligi” yuritiş ham foydali. Uşbu maşq içki dunyoingizni yaxşiroq tuşunişga qömaklaşadi.
Demak, özini anglaş va hissiyotlarni boşqariş — bu insonning özini tarbiyalaş jarayoni. Kim öz his-tuyğularini tanib, ularni boşqarişni örgansa, u nafaqat ruhiy jihatdan barqaror, balki ijtimoiy jihatdan ham yetuk şaxsga aylanadi. Bunday insonlar boşqalar bilan munosabatda muvozanatni saqlaydi, mojarolarga aql bilan yondaşadi va hayotdagi murakkab holatlarni tinç usulda yenga oladi.
Samarali muloqot
Inson boşqalarning his-tuyğularini töğri anglay olgan vaqt suhbatdoşining sözlaridangina emas, balki ohangi, tana tili, yuz ifodasi va kayfiyati orqali ham ma’lumot oladi. Bu esa muloqotni yanada samimiy, işonçli va mazmunli qiladi. Masalan, rahbar emotsional intellekti yuqori bölsa, u jamoasidagi kayfiyatni sezadi, stress yoki tuşkunlikni payqaydi va buning sababini bilişga harakat qiladi. U faqat buyruq beruvçi emas, eşituvçi va tuşunuvçi yetakçiga aylanadi. Natijada jamoada iliq muhit, özaro hurmat va işonç paydo böladi, bu esa mehnat unumdorligining oşişiga olib keladi.








