“Qora dushanba”, “qora payshanba” – dunyoda turlicha nomli moliyaviy inqirozlar bo‘lib turadi. Bu inqirozlarning sababi – moliyaviy pufaklar. Ular yorilganda, ho‘l-u quruqni domiga tortadi. Xo‘sh, bu kabi ko‘ngilsizliklardan saqlanish imkoniyati bormi? “Bor” deydi islomiy moliya bo‘yicha mutaxassislar. Kun.uz bu mavzuda AQShning Yuta universiteti professori Monzer Qahf bilan suhbatlashdi.

Mening ismim Monzer Qahf. Amerikalik arabman. Yuta universitetida pul-kredit va rivojlanish iqtisodiyoti bo‘yicha fan doktoriman. So‘nggi 50 yil davomida iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida, ayniqsa islomiy iqtisodiyot va islomiy moliyada faoliyat yuritib kelaman.

Islomiy moliyani qisqa tushuntirsak: u tovar va xizmatlar ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilinishiga bog‘langan, real bozor ichida amal qiladigan moliyadir. Ya’ni u real sektordan ajrab, alohida yashamaydi. Shu bois islomiy moliya muassasalari mablag‘ni ham olishda, ham berishda faqat real bozor bitimlari orqali ishlaydi (masalan, savdo, ijara, sherikchilik kabi). Maqsad — pulning o‘zi uchun emas, balki tovar va xizmat aylanmasi orqali ishlatish. Ana shu jihat bilan islomiy moliya asosan qarz shartnomasiga tayanadigan an’anaviy moliyadan farq qiladi.

Qarz shartnomasi orqali moliya bersangiz va depozitni ham qarz asosida qabul qilsangiz, siz real bozordan ajralasiz, chunki qarz faqat pul bilan bog‘liq. Islomiy moliyada esa faqat pul bilan ish ko‘rmaymiz.

Masalan, iste’molchiga mashina, muzlatkich yoki uy kerak bo‘lsa, biz real bozorga chiqamiz va sizga o‘sha uyni, mashinani, kompyuterni yoki muzlatkichni yetkazib beramiz — nasiya sotuv (kredit) yoki ijara (lizing) orqali. Demak, qo‘lga naqd pul bermaymiz. Bizning bitimlarimiz muzlatkich bozori, kompyuter bozori, avtomobil bozori, ko‘chmas mulk bozorida amalga oshadi. “Pul berdik, siz alohida borib nima qilasiz” degan yondashuv bizda yo‘q.

Qisqasi, islomiy moliya — bitimlarni real tovar va xizmatlar bozorida amalga oshirishdir.

Islomiy moliya ishlab chiqaruvchilarni ham moliyalaydi. Masalan, sizga xomashyo yoki uskuna kerak bo‘lsa, shu asosda moliyalantirish mumkin. Omonat qabul qilishda ham islomiy moliya real bozorga tayanadi: asosan «Vakala» (vakillik) asosida omonat olinadi. Ya’ni siz bizni vakil qilasiz, bizning vazifamiz — pullaringizni sizning nomingizdan investitsiya qilish. Olingan daromad (foyda) bo‘lsa, u oldindan kelishilgan ulushda taqsimlanadi: masalan, 90% sizga, 10% bizga yoki 50/50 — bu bozor sharoitiga qarab belgilanadi. Maqsad — real bozorda shakllangan foydani halol tarzda ta’minlash va adolatli taqsimlash.