Moskva meri Sergey Sobyanin Rossiya iqtisodiyotini to‘liq harbiy ehtiyojlarga bo‘ysundirish haqidagi chaqiriqlarni «befoyda» deb baholadi. U bu haqda TASS bosh direktori Andrey Kondrashovga bergan intervyusida ma’lum qildi. Suhbat 5-avgust kuni «Vesti» telekanali efirida namoyish etildi.

Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hayoti va iqtisodiyotini to‘liq urush manfaatlariga yo‘naltirish og‘ir oqibatlarga olib keladi.

«Tinch hayotni yo‘q qilish, normal iqtisodiyotni vayron qilish - bu mamlakatning o‘zini halokatga yetaklash demakdir», - dedi Moskva meri.

Uning ta’kidlashicha, agar tinch iqtisodiyot faoliyati izdan chiqsa, davlat byudjyetiga tushumlar, aholi daromadlari va soliq tushumlari kamayadi. Bu esa nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy vaziyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Agar tinch iqtisodiyot bo‘lmasa, soliqlar ham, aholi daromadlari ham bo‘lmaydi. Bunday sharoitda urushda ham muvaffaqiyat qozonish mumkin emas», - dedi Sobyanin.

Moskva merining fikricha, iqtisodiyotni to‘liq harbiy izga o‘tkazish haqidagi bunday chaqiriqlar zamonaviy iqtisodiyot va zamonaviy urush xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar tomonidan aytilmoqda.

Shu intervyuda Sobyanin so‘nggi oylarda Moskva tomon uchirilayotgan dronlar soni bir necha barobar oshganini ham aytdi. Uning da’vosicha, Rossiya hududiga amalga oshirilayotgan dron hujumlarining qariyb uchdan ikki qismi Moskva yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi.

Bu bayonot Rossiyada iqtisodiyotni harbiylashtirish haqidagi muhokamalar fonida yangradi. Avvalroq Davlat dumasining iqtisodiy siyosat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nikolay Arefev mamlakat iqtisodiyotini allaqachon mobilizatsiya modeliga o‘tkazish vaqti kelganini aytgan edi. Shuningdek, Duma mudofaa qo‘mitasi a’zosi Andrey Kolesnik ham Rossiyani harbiy izga o‘tkazish zarurligini bildirgan.

Ayni paytda bir qator xalqaro tahlil markazlari Rossiya iqtisodiyotining holati yuzasidan ehtiyotkor xulosalarni ilgari surmoqda. Jumladan, Kil Jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) iyun oyida e’lon qilgan tadqiqotida Rossiya iqtisodiyoti Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushning to‘rt yildan ortiq davom etishi oqibatida jiddiy darajada zaiflashganini qayd etgan.

Shuningdek, Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi Yevropa maxsus xizmatlaridagi manbalariga tayanib, Rossiya iqtisodiyoti «portlash darajasidagi xavfli holat»ga yaqinlashganini yozgan. Nashrga ko‘ra, Rossiya banklariga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etilishi yoki neft narxlarining uzoq muddat pasayishi mamlakatda yirik iqtisodiy inqirozni qo‘zg‘atishi mumkin.