Donald Tramp AQSh Mudofaa vazirligiga 17-avgust kuni boshlangan AQSh va Janubiy Koreyaning Ulchi Freedom Shield («Ulchi - Ozodlik qalqoni») qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarida Amerika tomoni ishtirokini cheklash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida mashg‘ulotlar ko‘lamini «sezilarli darajada» qisqartirish niyatida ekanini ma’lum qildi. Uning fikricha, bunday mashg‘ulotlar katta xarajat talab qiladi va Pxenyanga «mutlaqo o‘rinsiz va dushmanona signal» yuboradi.

AQSh prezidenti Shimoliy Koreya unga nisbatan tahdidkor emas, balki «hurmat bilan» munosabatda bo‘lganini ham ta’kidladi. Shuningdek, Tramp Kim Chen Inga tinchlik o‘rnatishni taklif qilganini ma’lum qildi.

Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari esa 14-avgustdayoq «Ulchi - Ozodlik qalqoni» mashg‘ulotlarini «harbiy bosqin repetitsiyasi» deb atagan edi. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Kim Chen In Trampning tinchlik muzokaralarini qayta boshlash taklifiga ijobiy munosabat bildirgan.

Harbiy mashg‘ulotlarni qisqartirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Seuldagi Ixva ayollar universiteti xalqaro tadqiqotlar professori Leyf-Erik Isli AQSh va Janubiy Koreyaning qo‘shma mudofaa mashg‘ulotlari ikki mamlakat qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligini saqlash uchun muhimligini ta’kidladi.

Uning fikricha, mashg‘ulotlar ko‘lamini qisqartirish AQSh va Janubiy Koreya harbiylari o‘rtasidagi muvofiqlashuvga salbiy ta’sir qilishi hamda inqiroz yoki harbiy mojaro sharoitida qaror qabul qilish jarayonini sekinlashtirishi mumkin.

Ekspert, shuningdek, mashg‘ulotlarni qisqartirish orqali tejaladigan mablag‘ katta bo‘lmasligini qayd etgan. Ayni paytda, uning fikricha, Trampning Pxenyan bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan urinishlari hozircha optimizm uchun yetarli asos bermayapti.

Isli Kim Chen In Vashington va Seulning muzokaralarni tiklash takliflariga qay darajada qiziqish bildirayotganiga ham shubha bilan qaramoqda. Uning fikricha, Shimoliy Koreya o‘zining keng ko‘lamli yadroviy dasturidan voz kechish niyatida emas.

Ekspert Pxenyan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sharoitida Moskva bilan aloqalaridan o‘z harbiy imkoniyatlarini kuchaytirish uchun foydalanayotganini ham ta’kidladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Shimoliy Koreya dastlab Rossiyaga o‘q-dori, jumladan, artilleriya snaryadlarini yetkazib bergan. Keyinchalik esa bir necha ming shimoliy koreyalik harbiy Rossiyaga yuborilib, Kursk viloyatidagi janglarda qatnashgan. Buning evaziga Pxenyan Moskvadan moliyaviy yordam va mudofaa sanoati uchun ilg‘or texnologiyalar olayotgani taxmin qilinmoqda.