Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayanining ma’lum qilishicha, ushbu chora mamlakat fuqarolari xavfsizligini ta’minlash va Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.

Italiyaning ANSA va La Stampa nashrlari xabar berishicha, qaror mamlakat Ichki ishlar vazirligida vazir Matteo Pyantedozi raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng qabul qilingan.

Italiya Ichki ishlar vazirligi mamlakat Ispaniyadan keluvchilar uchun dengiz va havo orqali kirish punktlarini vaqtincha yopganini tasdiqladi. Biroq bu chora Ispaniya yoki boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolarining Italiyaga safar qilish huquqini cheklamasligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, Fransiya bilan kelishuv asosida ikki mamlakat o‘rtasidagi quruqlik chegarasida mavjud nazorat choralari yanada kuchaytiriladi.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Seutadagi vaziyatni tanqid qilib, Ispaniyaning avtonom hududidan tarqalgan tasvirlar «hayratomuz» ekanini bildirdi. Uning fikricha, nazoratsiz noqonuniy migratsiya Yevropa chegaralari xavfsizligi uchun jiddiy tahdid hisoblanadi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches esa tanqidlarga javoban hozir Yevropa davlatlari o‘rtasida kelishmovchilik emas, balki hamjihatlik zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u statistik ma’lumotlarga tayanib, noqonuniy migrantlarning Yevropa Ittifoqiga eng ko‘p Italiya orqali kirib kelayotganini qayd etdi.

Ispaniya va Marokash hukumatlari Seutaga noqonuniy kirganlarni qaytarish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ispaniya davlat teleradiokompaniyasi RTVE ma’lumotiga ko‘ra, 31 iyul kechiga qadar Seutaga kirgan taxminan 37,5 ming nafar migrant Marokashga qaytarilgan. Ispaniya Ichki ishlar vazirligi so‘nggi kunlarda shaharga 50 mingga yaqin kishi kirganini bildirgan bo‘lsa, Seuta mahalliy hokimiyati bu raqamni 60 ming deb baholagan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Seuta va Melilya Afrikadan G‘arbiy Yevropaga noqonuniy migratsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Marokash esa ko‘plab migrantlar uchun Yevropa sari yo‘ldagi asosiy tranzit mamlakat hisoblanadi.