Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston bir davlatga qilingan qurolli hujumni uchalasiga qarshi tajovuz deb baholash to‘g‘risida bitim imzoladi. Bu esa Yaqin Sharqda yangi harbiy alyansni vujudga keltirdi. Alyansning amaliy maqsadi borasida tahlilchilar yakdil fikrda emas, ammo kelishuv uchta davlat: AQSh, Isroil va Eronga qaratilgan signal ekani haqida konsensus mavjud.
Mavzu muhokamasi – Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida.
Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos: Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasida imzolangan kelishuv uch davlatning mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi. Uning asosiy mazmuni shundan iboratki, uch davlatdan biriga qarshi qurolli hujum boshqa ikki davlatga ham qarshi tajovuz sifatida baholanadi. Shu jihatdan kelishuvni ayrim G‘arb OAVlari va xalqaro tahlilchilar “musulmon NATOsi” deb atay boshladi. Hozircha kelishuv uch davlat bilan cheklangan. Biroq kelgusida boshqa mamlakatlarning ham unga qo‘shilishi ehtimoli mavjud. Xususan, Misr nomi tilga olinmoqda. Uch davlat vakillari ham kelajakda yangi ishtirokchilar uchun eshiklar ochiqligini bildirgan.
Bu pakt kimga qarshi qaratilgan, degan savolga keladigan bo‘lsak, uch davlatning munosabati turlicha bo‘lgan davlatlar mavjud. Ular orasida raqib, strategik dushman va mintaqadagi murakkab munosabatlarga ega yirik davlatlar bor.
Pakt imzolanganidan so‘ng Eron parlamentining xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Saudiya Arabistoniga murojaat qilib, ushbu kelishuv uning xavfsizligini ta’minlay olmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, Saudiya avval AQSh bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik qilgan bo‘lsa-da, bu munosabatlar mamlakatni barcha tahdidlardan himoya qila olmadi. Shu sababli yangi pakt ham, agar Ar-Riyod o‘zining geosiyosiy yondashuvini o‘zgartirmasa, kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oviy bu masalada ancha yumshoq pozitsiyani bildirdi. U uch davlat o‘rtasidagi kelishuv Eron uchun tahdid emasligini aytdi. Bag‘oiy Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston bilan Eronning diniy o‘zligi, tarixiy xotirasi va sivilizatsion aloqalari mustahkam ekanini ta’kidladi. Demak, Tehronning rasmiy pozitsiyasida ushbu pakt Eronga qarshi qaratilmagani ko‘rsatilmoqda.
Turkiya, Saudiya va Pokistonning so‘nggi yillardagi siyosatini tahlil qiladigan bo‘lsak, ular o‘rtasidagi harbiy kelishuv kimga qaratilgan degan savolga javob topish mumkin. Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennet avvalroq “Erondan keyingi navbat Turkiyaga bo‘ladi”, degan fikrni bildirgan edi. Bugungi kunda Isroil OAVlarida ham Turkiya tobora ko‘proq mintaqadagi asosiy raqiblardan biri sifatida tasvirlanmoqda. Pokiston esa o‘zining rasmiy bayonotlarida Isroilni musulmon dunyosi uchun asosiy tahdidlardan biri sifatida ko‘rsatib kelmoqda.






