Senatning ön birinçi yalpi majlisida “Davlat ijtimoiy suğurtasi töğrisida”gi Qonun muhokama qilinib, ma’qullandi, deya xabar bermoqda palata matbuot xizmati.

Mazkur Qonun ilgari senatorlar tomonidan bildirilgan qator e’tirozlar asosida rad etilgan edi. Söng Oliy Majlis palatalari örtasida kelişuv komissiyasi tuzilib, hujjat qayta işlab çiqildi.

Qonunga köra, kasallik sababli vaqtinça mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tuğiş, işni yoki daromadni yöqotiş bilan boğliq suğurta tölovlari Davlat ijtimoiy suğurtasi jamğarmasi tomonidan amalga oşiriladi.

“Bunday suğurta hodisalari yuzaga kelgan taqdirda jamğarma suğurtalangan şaxslarga yoki ularning oila a’zolariga vaqtinça mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tuğiş nafaqasi hamda işdan böşatiş nafaqasini tölab beradi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Ta’kidlanişiça, jamğarma mablağlari quyidagi manbalar hisobidan şakllantiriladi:

• ijtimoiy soliqning bir qismi;

• suğurta badallari;

• respublika budjeti mablağlari;

• jamğarmaning vaqtinça böş turgan mablağlarini depozitlarga joylaştirişdan olinadigan daromadlar;

• qonunçilikda taqiqlanmagan boşqa tuşumlar.

Şuningdek, qonunda davlat ijtimoiy suğurtasining amal qilişi kimlar uçun majburiy, kimlar uçun ixtiyoriy asosda bölişi ham belgilangan.

Majburiy suğurta bilan qamrab olinadigan fuqarolar uçun suğurta badali Özbekiston Respublikasining Davlat budjeti töğrisidagi Qonun bilan belgilangan miqdorlarda jismoniy şaxslardan olinadigan daromad soliğining bir qismi hisobidan şakllantiriladi.

Ixtiyoriy suğurta bilan qamrab olinadigan şaxslar esa qonunçilikda belgilangan eng kam tölov miqdoridan kam bölmagan badal tölaydi.

Yalpi majlisda senatorlar suğurta badallari miqdori, suğurtalangan şaxslarning huquq va majburiyatlari, suğurta tizimi barqarorligini ta’minlaş kafolatlari, tölovlarni tayinlaş, töxtatib turiş va bekor qiliş tartiblari yuzasidan ham fikr almaşdilar.

“Qonunning qabul qilinişi xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuçaytiriş, iş beruvçilarga yuklatilgan ijtimoiy tölovlar yukini kamaytiriş hamda işga qabul qiliş jarayonida xotin-qizlarga nisbatan kamsitiş holatlarining oldini olişga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.