Iqtisodiyot | 09:58 / 06.11.2025
2879
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: sanksiyalar “Lukoyl”ning xorijdagi biznesini falaj qilib qo‘ydi

Reuters yozishicha, AQSh va Buyuk Britaniya joriy etgan sanksiyalar tufayli “Lukoyl”ning xorijdagi tuzilmalari faoliyati jiddiy izdan chiqdi. Xususan, Finlandiya, Shveytsariya va Iroqda muammolar kelib chiqqan.

Foto: REUTERS/Ramil Sitdikov

Rossiyaning xususiy neft-gaz kompaniyasi “Lukoyl”ning xorijiy tuzilmalari oktyabr oyi oxirida AQSh va Buyuk Britaniya joriy etgan sanksiyalardan keyin biznes yuritishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Reuters agentligi 4 noyabr kuni manbalariga tayanib xabar berishicha, muammolar kamida Iroq, Shveytsariya va Finlandiyada kuzatilgan.

Masalan, Iroqning davlat korxonasi Somo sanksiyalarga oid xavotirlar sababidan mamlakat janubidagi “G‘arbiy Qurna-2” konlarida “Lukoyl” qazib olgan xom neftning noyabr oyiga mo‘ljallangan uch partiyasi yuklanishini bekor qildi. Rossiya tomoni quvvati kuniga 480 ming barrel bo‘lgan ushbu kondagi aksiyalarning 75 foiziga ega, qolgan 25 foizi esa Iroqning North Oil Company davlat kompaniyasiga tegishli.

Reuters manbalariga ko‘ra, “Lukoyl”ning Jyenevada joylashgan savdo bo‘limi Litasco’da ham muammolar bor. Sanksiyalar tufayli britan kemachilik brokerlari kompaniya bilan hamkorlik qilish va kema fraxtlashuvida ishtirok etishdan bosh tortmoqda. Shuningdek, sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng Litasco qisqartirish o‘tkazgani qayd etilgan, ammo qancha xodim ishsiz qolgani ochiqlanmagan.

Finlandiyada esa “Lukoyl”ga qarashli Teboil yonilg‘i quyish shoxobchalarida ishlovchi taxminan 1000 nafar xodim yaqin haftalarda ish o‘rnini yo‘qotishidan xavotirda, chunki mahalliy banklar kompaniya to‘lovlarini muzlatishni boshlagan. Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligi kompaniyalarga “Lukoyl” tuzilmalari bilan barcha operatsiyalarni 21 noyabrgacha yakunlash huquqini bergan.

AQSh Moliya vazirligining Tashqi aktivlar nazorati boshqarmasi (OFAC) 22 oktyabr kuni “Rossiyaning Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan tugatish jarayoniga jiddiy qiziqishi yo‘q”ligi bois qo‘shimcha sanksiyalarni joriy etdi. Yangi cheklovlar “Lukoyl” va “Rosneft”dan tashqari ularning 34 ta shu’ba kompaniyalariga ham taalluqli. Shuningdek, “Lukoyl” va “Rosneft” ulushi 50 foiz yoki undan ko‘p bo‘lgan barcha kompaniyalar ham bloklanadi.

Bundan bir hafta oldin Buyuk Britaniya ham “Lukoyl” va “Rosneft”ga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan edi. Bu jazo choralari aktivlarni muzlatish, shuningdek trast xizmatlari va transport operatsiyalariga cheklovlar joriy etishni nazarda tutadi. London izohlashicha, “Rosneft” va “Lukoyl” Rossiya hukumati uchun “hal qiluvchi ahamiyatga ega” soha — energetikada faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid