Jahon | 10:50 / 08.11.2025
1756
3 daqiqa o‘qiladi

London Suriya prezidentiga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi - navbat YeIga

BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a va IIV rahbari Anas Hattobdan sanksiyalarni olib tashlaganidan keyin ular Londonning sanksiya ro‘yxatidan ham chiqarildi. YeI ham cheklovlarni bekor qilishga tayyorlanmoqda.

Foto: AP

Buyuk Britaniya Suriyaning vaqtinchalik prezidenti Ahmad ash-Shar’a va mamlakat ichki ishlar vaziri Anas Hattobga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi. Bu haqda 7 noyabr kuni e’lon qilingan Britaniya Moliya vazirligi hujjatidan ma’lum bo‘ldi. Shu kabi qarorni bir kun oldin BMT Xavfsizlik Kengashi ham qabul qilgan edi.

Ikkalasi avval IShID va “Al-Qoida”ga qarshi joriy etilgan moliyaviy cheklovlar doirasiga kiritilgan edi. Oktyabr oyida Buyuk Britaniya 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatga kelgan guruhni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ham ash-Shar’aga nisbatan cheklovlarni bekor qilishga hozirlanmoqda. “Biz hali ham suriyaliklar rahbarligi va to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirokida amalga oshiriladigan tinch va inklyuziv o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga sodiqmiz. Bu barcha suriyaliklar uchun yaxshiroq kelajak barpo etishga yordam beradi”, — dedi YeK vakili.

BMT Xavfsizlik Kengashi 6 noyabr kuni Suriyaning o‘tish davridagi rahbari hamda amaldagi ichki ishlar vaziriga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutuvchi rezolyutsiyani qabul qildi. AQSh tayyorlagan hujjatni Rossiyani ham qo‘shgan holda 15 a’zodan 14 tasi qo‘llab-quvvatladi. Xitoy betaraf qoldi. Rezolyutsiya matnida Suriya Arab Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy birligiga to‘la hurmat ifodalangan.

Chora-tadbirlar Ahmad ash-Shar’a va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi 10 noyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan ko‘rildi. Kutilishicha, uchrashuvda IShIDga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga Suriyaning qo‘shilishi haqida bitim imzolanadi. Reuters ta’kidlashicha, XK sanksiyalarni bekor qilish uchun ovoz bermagan taqdirda ham Vashingtonga tashrif amalga oshirilgan bo‘lar edi. Avvalroq XK Sanksiyalar qo‘mitasi Suriya vaqtinchalik hukumati rahbariga sayohat ruxsatnomalarini bergan.

2024 yil oxirida Bashar Asadni ag‘dargan ash-Shar’a avval Abu Muhammad al-Jo‘laniy nomi bilan tanilgan. Shu nom bilan u 2003 yilda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi kurashishni boshlagan. 2006 yilda u amerikalik harbiylar tomonidan qo‘lga olinib, Iroqda besh yil qamoqda o‘tirgan.

Mavzuga oid