Dominikan Respublikasida — Karib dengizidagi, aholisi 11 milliondan ortiq bölgan orol mamlakatida 11 noyabr kuni keng kölamli elektr ta’minoti öçişi röy berdi. AP agentligi xabar qilişiça, mamlakat rasmiylari blekaut sababini elektr uzatiş tizimidagi avariya deb atadi. Birinçi bölib San-Pedro-de-Makoris şahridagi elektr stansiyasi öçgan, bu esa mamlakat böylab elektr stansiyalari va podstansiyalarining zanjirli tarzda öçişiga olib kelgan. Ilk avariyaga nimalar sabab bölgani hozirça noaniq.
Reuters yozişiça, blekaut ayniqsa poytaxt Santo-Domingo va maşhur dengiz kurorti Punta-Kanaga qattiq ta’sir körsatdi, biroq ijtimoiy tarmoq foydalanuvçilari mamlakatning boşqa hududlarida ham elektr öçişi haqida xabar bergan. Blekaut Santo-Domingodagi jamoat transporti, jumladan kanat yöllari va metro işini izdan çiqardi. Şifoxonalar, banklar va boşqa yirik muassasalar generatorlardan elektr olişga ötdi, köplab turar joy uylari va kiçik bizneslar mutlaqo yoruğliksiz qoldi.
Keçga borib Dominikan Respublikasida elektr ta’minoti tiklana boşladi. «Hozir biz 527 megavattdan ortiq elektr energiyasini işlab çiqaryapmiz, bu milliy talabning 15 foizidan köproğini taşkil etadi, tizimni barqarorlaştirar ekanmiz, bu raqam ösişda davom etadi», — dedi mamlakat energetika vaziri Xoel Santos Eçavarriya.
Oktyabr oxirida Dominikan Respublikasi yana bir neçta Karib mamlakatlari — Kuba, Yamayka, Haiti va Bagama orollari bilan birga vayronkor «Melissa» töfonidan jabr kördi. USA Today’ga köra, Dominikan Respublikasida tabiat ofati oqibatida kamida ikki kişi halok bölgan. Umuman, «Melissa» mintaqada 50 dan ortiq inson hayotiga zomin böldi, keng kölamli suv toşqinlari va köçkilarni keltirib çiqardi.
Bundan taşqari, 8 aprel keçasi Santo-Domingodagi Jet Set tungi klubida konsert paytida tom qulaşi 222 kişining ölimiga olib keldi. Mamlakat prezidenti Luis Abinader uç kunlik milliy motam e’lon qildi. Hokimiyat fojia sabablarini tekşirişni va’da qildi.











