Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Inspektor: Hegset Signal orqali maxfiy ma’lumot tarqatib, AQSh qo‘shinlarini xavf ostiga qo‘ygan
Pentagon rahbari Pit Hegset jurnalist ishtirok etgan Signal chatida bo‘lishgan ma’lumoti maxfiy bo‘lgan hamda AQSh armiyasini xavf ostiga qo‘yishi mumkin edi. Bunday xulosaga idora bosh inspektori keldi.
Foto: Alex Wong / Getty Images
AQShning urush vaziri Pit Hegset 2025 yil mart oyida yamanlik husiychilar pozitsiyalariga havodan beriladigan zarbalar haqidagi maxfiy ma’lumotni Signal messenjerida jurnalist ishtirok etgan chatga yozib, Amerika qo‘shinlari va amalga oshirilayotgan missiyani xavf ostiga qo‘ygan. Bu haqda chorshanba kuni, 3 dekabrda, CNN telekanali va Associated Press (AP) agentligi Pentagon bosh inspektori hisoboti bilan tanish manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumot sizib chiqishi bo‘yicha tekshiruv sakkiz oy davom etgan. Uning yakuniy hujjatida qayd etilishicha, Xegset ma’lumotni o‘z xohishiga ko‘ra maxfiylikdan chiqarishga huquqi bo‘lganiga qaramay, «Pentagonning ichki qoidalarini buzgan», chunki u shaxsiy qurilmasidan xizmat maqsadida foydalangan. Shu bois inspektor bu masala bo‘yicha idora mas’ul shaxslarini yanada yaxshiroq o‘qitishni tavsiya etgan.
Hegset inspektor bilan shaxsan suhbatlashishdan bosh tortgan, biroq yozma bayonotida chatda u, o‘z fikricha, missiyani xavf ostiga qo‘ymaydigan tafsilotlarnigina aytganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, OAV ma’lumotlariga ko‘ra, vazir, masalan, AQSh harbiy samolyotlarining uchish vaqti va bombardimonlar boshlanish soatini pilotlar havoga ko‘tarilishidan oldin ikki xil chatda yozgan.
Inspektor hisobotining to‘liq versiyasi Kongressga yuborilgan, 4 dekabr kuni esa uning qisqartirilgan, maxfiy bo‘lmagan varianti e’lon qilinishi kutilmoqda. U yerda, boshqa jumlalar qatorida, Hegset Signal’dagi boshqa yozishmalarda ham AQShning Yamandagi harbiy operatsiyalari haqidagi tafsilotlar bilan o‘rtoqlashgani aytiladi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, kamida ikkita chat haqida so‘z bormoqda, shulardan birida uning xotini, akasi va advokati ham bo‘lgan.
Pentagon Hegsetni himoya qilib chiqdi. «Bosh inspektor tekshiruvi vazir Hegsetni to‘la oqlaydi va biz avvaldan bilgan holatni tasdiqlaydi — hech qanday maxfiy ma’lumot uzatilmagan. Bu masala hal etilgan va yopiq», — dedi harbiy idora vakili Shon Parnell. Oq uyda esa AQSh prezidenti Donald Tramp «urush vazirini qo‘llab-quvvatlashini» qo‘shimcha qilindi.
The Atlantic nashri bosh muharriri Jyeffri Goldberg 24 mart kuni uni Signal’dagi chatga tasodifan qo‘shib qo‘yishganini ma’lum qildi. O‘sha chatda Oq uy rasmiylari Yamandegi husiychilar pozitsiyalariga beriladigan zarbalarni muhokama qilgan. Chatda 18 kishi bo‘lgan, ular orasida Hegset, Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff, prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Miller ham bor edi.
Keyinroq nashr ushbu yozishmaning to‘liq stenogrammasini e’lon qildi. Jurnalistlar bu qadamni shunday izohladiki, Signal chati ishtirokchilari, jumladan AQSh Milliy razvedka direktori Talsi Gabbard va Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliff, voqeaning ahamiyatini kamaytirishga uringan.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38