Shuningdek, “Samarqand kimyo” zavodida 381 mln dollar investitsiya hisobiga yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi aytildi. Qashqadaryo viloyatida esa 200 mln dollarlik kimyo zavodi qurilishi boshlanib, maishiy kimyo, polimer va sintetik yoqilg‘i uchun yiliga 50 ming tonna alkilbenzol mahsuloti olish imkoni yaratilishi ta’kidlandi.
Umuman, 2026 yilda kimyo sanoatida 4,5 mlrd dollarlik, tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida 3 mlrd dollardan, elektrotexnikada 2 mlrd dollarlik, farmatsevtikada esa 800 mln dollarlik yangi loyihalar boshlanishi ma’lum qilindi.
Prezident kelgusi yilda eksport ko‘rsatkichlarini oshirish masalasiga ham to‘xtaldi. Aytilishicha, 2026 yilda jami eksportni 40 mlrd dollarga yetkazish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini esa 55 foizdan oshirish maqsad qilingan.
Iqtisodiy prognozlarga ko‘ra, kelgusi yil iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishni ta’minlab, yalpi ichki mahsulotni 167 mlrd dollarga yetkazish kutilmoqda. Shu bilan birga, mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi va tannarx bo‘yicha qat’iy ish olib borilsa, mazkur ko‘rsatkichni yanada oshirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan sanoatda “Unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturi boshlanishi ma’lum qilindi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligi bo‘yicha alohida loyiha amalga oshirilib, unga xalqaro moliya institutlaridan 200 mln dollar kredit va grant jalb qilinishi aytildi.
Loyiha doirasida sanoat korxonalari uchun xorijdan yuqori malakali texnolog va muhandislar jalb qilish, biznes jarayonlarini raqamlashtirish, energiya va boshqa xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha auditlar o‘tkazish, ilg‘or texnologiyalarni transfer qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “To‘rtinchi sanoat inqilobi markazi” tashkil qilinishi qayd etildi. Markaz negizida robototexnika, “buyumlar interneti”, “aqlli fabrika” kabi “Industriya 4.0” yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish uchun tartibga solish mexanizmi yaratiladi. Ta’kidlanishicha, korxonalar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishdan oldin ularni sinovdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.











