Erondagi namoyişlar ommaviy töqnaşuvlarga aylanib boryapti. Donald Tramp esa namoyişçilarga yordam berişga tayyorligini ma’lum qildi. 28 dekabr kuni iş taşlaş bilan boşlangan harakatlar qisqa vaqtda mamlakatni qamrab olgan yirik namoyişlarga aylanib ketdi. Diktatorga ölim deya hayqirilgan aksiyaga talabalar ham qöşildi. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida Yaqin Şarq masalalari böyiça ekspertlar mavzu yuzasidan öz fikrlarini bildirdi.
Bibi va Tramp uçraşuvining Erondagi voqealarga boğliqligi bölişi mumkinmi?
Fazliddin Madiyev: 28 dekabrdagi namoyişlar asosan elektrotexnika mahsulotlari sotiladigan bozorlardan boşlandi. Bunga asosiy sabab inflatsiyaning keskin oşgani böldi. Valuta tebranişi narxlar barqarorligiga kuçli ta’sir körsatdi va norozilik kayfiyatini kuçaytirdi. Netanyahu va Donald Tramp örtasidagi uçraşuv bu jarayonlarga ta’sir qildimi, degan savol tabiiy. Bu uçraşuvning siyosiy fonini inobatga olsak, ta’siri sezilarli bölganini inkor etib bölmaydi. Çunki Isroilning keyingi strategik harakatlari, mintaqaviy örab oliş siyosati va bosimni kuçaytirişi Eron hamda Turkiyaga qaratilganini Trampning bayonotlaridan ham anglaş mumkin. Erondagi vaziyat esa avvalgi noroziliklardan ma’lum darajada farq qilmoqda. Rasmiy matbuot va internet naşrlari örtasida yondaşuvlar keskin farqlanmoqda: ijtimoiy tarmoqlarda yanada radikal va keskin çaqiriqlar tarqalmoqda. Ayrim namoyişçilarning “rejim ketişi kerak” yoki hatto monarxiya qaytişini talab qiluvçi şiorlar bilan çiqişi ham şundan dalolat beradi. Biroq bu safargi namoyişlarning muhim jihati şundaki, hukumat norozilikning asosiy sababini oçiq tan oldi. Prezident Pizişkiyon iqtisodiy inqiroz hukumat mas’uliyati ekanini e’tirof etib, vaziyatni imkon qadar töğrilaşga va’da berdi. Bu bayonot avvalgi namoyişlardan tubdan farq qiladi. Ilgari barça noroziliklar Ğarbning aralaşuvi bilan izohlangan bölsa, endi hukumat bunday tuşuntirişlar jamoatçilikka ta’sir qilmayotganini anglagan körinadi. Şu jihatdan, bu holat Eron uçun muhim va ijobiy signal sifatida baholanişi mumkin.
Şavkat Ikromov: Katta ehtimol bilan Vaşingtondagi uçraşuvlar namoyişlar bilan bevosita boğliq emas. Çunki Eron jamiyatining tuzilişi va siyosiy rejimi taşqi tomondan köringanidan ança murakkab. Eronda ommaviy namoyişlarni yuzaga keltiriş uçun taşqi kuçlarning ta’siri özi yetarli bölmaydi. Jamiyat iyerarxiyasi şunçalik murakkabki, agar eronliklarning özi içkaridan bunga tayyor bölmasa, ularni taşqi omillar orqali köçaga olib çiqiş deyarli imkonsiz. 2009, 2019 va 2022-yillardagi norozilik namoyişlarida ham Eron hukumati taşqi kuçlar aralaşuvi haqida bayonotlar bergan, ayrim hollarda AQŞ yoki Isroil namoyişçilarni qöllab-quvvatlayotgani ta’kidlangan. Biroq Eron jamiyatini çuqur örgangan mutaxassislar va mamlakatdagi davlat tizimini yaxşi biladiganlar bir narsani aniq aytadi: eronliklarni faqat taşqi ta’sir orqali köçaga çiqariş oson emas. 2025 yil dekabr oyining oxirgi haftalarida boşlangan namoyişlar ham aynan içki omillar bilan boğliq. Bu safar noroziliklar an’anaviy tarzda faollar yoki talabalar tomonidan emas, balki bozor savdogarlari va dökon egalari tomonidan boşlangan. Ular yuqori inflatsiya, aholining xarid qobiliyatining keskin pasayişi va buning oqibatida savdoning töxtab qolganidan norozi bölişdi. Dastlab bozorlarda boşlangan noroziliklar keyinçalik boşqa hududlarga tarqaldi, kiçik şaharlarga va ayrim qişloqlarga ham yetib bordi. Şunga qaramay, bu namoyişlar keng kölamli yoki inqilobiy tus olgan deb aytiş qiyin. Namoyişlar hanuz töliq bostirilmagan va hozir ham Eronning turli hududlarida davom etmoqda. Muhimi şundaki, dastlab iqtisodiy talablardan boşlangan noroziliklar vaqt ötişi bilan siyosiy mazmun kasb eta boşladi. Namoyişçilar tomonidan yangrayotgan “Na Ğazo, na Livan — jonimiz Eron uçun” degan şiorlar şuni körsatadiki, jamiyat içki iqtisodiy muammolar fonida hukumatning taşqi siyosatidan, xususan Eron taşqarisidagi proksi kuçlarni moliyalaştirişidan tobora köproq norozilik bildirmoqda.












