Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQShning Grenlandiyani kuch bilan egallashga urinishi amalda NATOni vayron qilishini ta’kidladi. Chunki ham Daniya, ham Grenlandiya alyans a’zosi hisoblanadi.
Bu — Tramp 2025 yil yanvarda ikkinchi prezidentlik muddatini boshlaganidan beri orol ustidan nazorat o‘rnatish bilan ikkinchi bor tahdid qilishi. Shu yerda mantiqiy savol tug‘iladi: nima uchun aynan Grenlandiya?
Grenlandiya zamonaviy iqtisodiyotlar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan juda boy foydali qazilma zaxiralariga ega. Qurilish, elektronika va moliya sohalari uchun muhim bo‘lgan mis va oltindan tashqari, orolda sohillar bo‘ylab katta hajmda grafit, nodir yer elementlari, nikel, temir rudasi va rux konlari mavjud.
Grafit va nikel akkumulyatorlar, elektromobillar hamda qayta tiklanuvchi energetika tizimlari ishlab chiqarishida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Temir rudasi va rux og‘ir sanoatni ta’minlab tursa, nodir yer elementlari shamol turbinalari, yuqori texnologiyali elektronika va mudofaa tizimlari ishlab chiqarishda markaziy o‘rin tutadi.

Geologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ushbu resurslarning katta qismi aniq ajralgan hududlarda, ayniqsa Grenlandiyaning janubi va g‘arbida jamlangan. Bu orolning o‘ziga xos va nihoyatda qadimiy geologik tuzilishi bilan bog‘liq.
Grenlandiyaning alohida ahamiyati faqat oddiy metallar mavjudligida emas, balki strategik ahamiyatga ega resurslar spektrining juda kengligida.
Tadqiqotlar Grenlandiyada Yevropa Ittifoqi tomonidan «muhim xomashyo» deb tasniflangan minerallarning salmoqli ulushi mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bu resurslar iqtisodiy xavfsizlik uchun juda muhim, biroq ta’minot uzilishi xavfi yuqori.
Ayniqsa, nodir yer elementlariga qiziqish katta: bu resurslar qazib olishi hozirda cheklangan sondagi mamlakatlar qo‘lida jamlangan. Shu sababli Yevropa va Shimoliy Amerika geosiyosiy xavflarga nisbatan ancha zaif holatda qolmoqda.
Muhim jihat shundaki, foydali qazilmalarning «qog‘ozda» mavjudligi ularni amalda samarali qazib olish kafolati emas. Grenlandiyada tog‘-kon sanoati zaif rivojlangan va loyihalarning juda oz qismi razvedka bosqichidan o‘tgan.
Bu yerda ekologik tartibga solish katta rol o‘ynaydi. Masalan, hukumatning uran qazib olishni taqiqlashi nodir yer elementlari bilan bog‘liq bir qator loyihalarning to‘xtatilishiga olib keldi. Chunki uran ko‘p hollarda ular bilan birga joylashgan bo‘ladi. Bu esa sud ishlari, investorlar uchun noaniqlik va sohaning yanada sekinlashishiga sabab bo‘ldi.















