23-avgust kuni Toshkent xalqaro aeroportida Qirgʻizistonning Aero Nomad aviakompaniyasi Bishkek - Toshkent - Bishkek yoʻnalishi boʻyicha amalga oshirgan birinchi muntazam reys kutib olindi.
Aviakompaniyaning Airbus A320 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 22:22 da Toshkentga qoʻngan.
Anʼanaga muvofiq, yangi aviatashuvchining samolyoti aeroportda suv arkasi bilan kutib olindi. Ilk reys yoʻlovchilariga esa milliy taomlar taqdim etildi.
Birinchi reys orqali Bishkekdan Toshkentga 163 nafar yoʻlovchi yetib kelgan. Toshkentdan Qirgʻiziston poytaxtiga qaytish reysiga esa 74 nafar yoʻlovchi roʻyxatdan oʻtgan.
Aero Nomadʼning Bishkek va Toshkent oʻrtasidagi muntazam parvozlari haftasiga ikki marta - payshanba va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Shu tariqa, Aero Nomad Toshkent - Bishkek yoʻnalishida toʻgʻridan toʻgʻri reyslarni amalga oshirayotgan uchinchi aviakompaniyaga aylandi. Ayni paytda ikki poytaxt oʻrtasida Uzbekistan Airways va Centrum Air ham muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.
Qirgʻiziston aviakompaniyasi kelgusida Oʻzbekistondagi yoʻnalishlar tarmogʻini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, Bishkekdan Samarqand va Urganch shaharlariga parvozlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda.
Aero Nomad - 2021-yilda tashkil etilgan Qirgʻiziston aviakompaniyasi boʻlib, Bishkek xalqaro aeroportida bazalangan. Aviatashuvchi Airbus A320 oilasiga mansub samolyotlarda muntazam va charter reyslarni amalga oshiradi.









