Bugungi yoshlar baxtli, lekin misli ko‘rilmagan muammolar ichida. Iqtisodiy noaniqlik, iqlim inqirozlari, qurolli mojarolar, ijtimoiy adolatsizlik va raqamli madaniyat yoshlarga azob beradi. Dunyo bo‘ylab har 8 kishidan bittasi ruhiy nosog‘lom. Ayniqsa, 10-19 yoshdagi yoshlarning har 7 tasidan biri ruhiy nosog‘lom ekani vaziyat tashvishli ekanini ko‘rsatadi. O‘z joniga qasd qilish esa global miqyosda yoshlar o‘rtasidagi o‘limning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bosh assambleya zalida yig‘ilishdan maqsad ham yoshlarning ruhiy salomatligi va farovonligiga bag‘ishlangan yangi global kampaniyani rasmiy e’lon qilish edi.
“Biz bo‘lingan, tajovuzkor dunyoda yashayapmiz. Biz yoshlarimiz oldida qarzdormiz, chunki kelajak avlod uchun dunyoni birlashtirishga majburmiz. Va so‘nggi 1,5 oy ichida AQSh, Kanada va Meksikada dunyoning har burchagidan kelgan millionlab odamlarning yig‘ilganini ko‘rdik. Jahon chempionati bir-biriga qarshilarni ham birlashtirayotganini ko‘ryapmiz. Biz sanoqli soatlardan keyin Ispaniya yoki Argentinadan qaysi biri jahon chempioni bo‘lishini bilib olamiz”, dedi FIFA prezidenti BMT minbaridan turib.
BMT bosh kotibi maslahatchisi, Yoshlar ofisi rahbari Felipe Poliyega ko‘ra, bugungi dunyo yoshlari ularni tushunadigan davlat rahbarlari, yetakchilarni istaydi.
“Biz bu yerga futbolni nishonlash uchun kelmadik, bu yerga yoshlarni o‘zgartirishda futbolning o‘rnini tan olish uchun ham yig‘ildik. Yoshlarga bugun qiyin, ular yolg‘izlikdan, noaniqlikdan va mojarolardan charchagan. So‘nggi 2 yil davomida dunyoning ko‘p davlatlariga bordim, har yerda ruhiy salomatlik masalasi. Ruhiy buzilish bugun faqat statistikada emas, hayotiy haqiqatga ham aylandi. Zaldagi yoshlar ularni tushunuvchi yetakchilarni istaydi. Har 4 yilda dunyo birlashadi, faqat futbol ko‘rish yoki o‘ynash uchun emas, balki birlashish uchun. Global majburiyat bu – yoshlar bilan birlashish”, deydi Poliye.
Eslatib o‘tamiz, shu kuni Nyu Yorkdagi Trump Tower’da FIFA uchun qabul marosimi ham o‘tkazildi. Unda shaxsan prezident Tramp qatnashdi. Bino atrofidagi ko‘chalar to‘liq yopildi, xavfsizlik kuchaytirildi. Tramp bilan ko‘rishgach so‘zga chiqqan FIFA prezidentiga ko‘ra, Amerika dunyoni birlashtirgan va Amerika orzusi ham aslida shu edi. Ma’lumot sifatida aytish joizki, Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi final o‘yini 19 iyul kuni, Amerika vaqti bilan soat tushlikdan keyingi 15:00 da, MetLife stadionida bo‘lib o‘tadi. Amerikaliklar bu stadionni Nyu York – Nyu Jyersey stadioni deb ham ataydi.
AQShdan Kun.uz uchun maxsus tayyorlandi.










