Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Rossiya zarbalaridan so‘ng muzokaralardagi pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqadi
Ukraina prezidentining aytishicha, RF AQSh iltimosiga ko‘ra e’lon qilingan “energetik sulh”ni buzgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar tanaffusdan diplomatik harakatlar uchun emas, balki qattiq sovuqlar cho‘qqisiga to‘g‘ri keladigan paytda hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun foydalangan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, RF AQSh prezidenti Donald Trampning iltimosini bajarmadi va “energetik sulh”ni to‘xtatdi. “Rossiyaliklar yana Amerika tomonining sa’y-harakatlarini inobatga olmadi. Qo‘shma Shtatlar prezidentining energetika va muhim infratuzilmaga zarba bermaslik haqida iltimosi bo‘lgan”, — dedi u seshanba, 3 fevral kuni Kiyevda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.
Zelenskiy eslatishicha, Tramp Rossiya rahbariyatidan Ukraina energetik infratuzilmasiga bir hafta davomida zarba bermaslikni so‘ragan. “Energetik sulh” 29 yanvar tundan boshlangan, “bugungi tunga o‘tar paytda esa rossiyaliklar va’dani buzdi”, — dedi u.
Ukraina prezidenti fikricha, rossiyaliklar urushni davom ettirish niyatida va “bu qishning eng sovuq kunlarini kutdi — Ukrainaning katta hududida harorat -20°C dan ham past bo‘lgan paytni”. U 3 fevralga o‘tar kechasi RF QK Ukrainaga 71 ta raketa va 450 ta dron bilan zarba berganini aytib o‘tdi: bu keng ko‘lamli hujum qattiq sovuqlar avjiga to‘g‘ri kelgan.
Zelenskiy ta’kidlashicha, RF Tramp taklif qilgan qisqa muddatli tanaffusdan diplomatiyani qo‘llab-quvvatlash uchun emas, balki raketalarni “to‘plash” va yilning eng sovuq kunlarini kutib, katta hujum qilish uchun foydalangan. Shu sababli u Ukraina delegatsiyasining 4–5 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan uch tomonlama muzokaralardagi ishi qayta moslashtirilishi haqida ogohlantirdi.
“Rossiyaning har bir bunday zarbasi Moskvadagi munosabat o‘zgarmaganini tasdiqlaydi: ular hamon urush va Ukrainani yo‘q qilishga tayanadi, diplomatiyani esa jiddiy qabul qilmaydi”, — dedi Zelenskiy. U Ukraina hamkorlari “bo‘layotgan voqealarga nisbatan sukut saqlamasligi”ga umid bildirdi. Uning aytishicha, Kiyevga yanada ko‘proq qurol-yarog‘, jumladan Patriot havo mudofaasi tizimlari uchun raketalar kerak.
Bundan tashqari, Zelenskiy Ryuttening ayni qiyin paytda Kiyevga kelganidan xursand ekanini aytib, yordami uchun minnatdorlik bildirdi. O‘z navbatida, NATO rahbari g‘arbdagi hamkorlar Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining uch darajasini ko‘rib chiqayotganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi daraja — hamkorlar yordamida Ukraina armiyasini kuchaytirish, u RF yana hujum qilgan taqdirda mudofaaga tayyor bo‘lishi kerak.
Ikkinchi daraja — yetakchilari Fransiya va Buyuk Britaniya bo‘lgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi”. Ryuttening aytishicha, uning maqsadi Ukraina QKni zarur narsalar bilan ta’minlash, shuningdek RF hujum qilsa, keyingi qadamlar bo‘yicha kafolat berishdan iborat. Biroq u aynan qanday harakatlar nazarda tutilganiga aniqlik kiritmadi. “Uchinchi daraja — yozda qo‘shilishni istashini aytgan Qo‘shma Shtatlar”, — deya qo‘shimcha qildi NATO rahbari.
Mark Ryutte 3 fevral tongida Kiyevga kelgan. Zelenskiy bilan muzokaralardan tashqari, u Oliy radada chiqish qildi va Mustaqillik maydonidagi Xalq milliy xotira memoriali oldida halok bo‘lgan ukrain jangchilari xotirasini yod etdi.
Mavzuga oid
22:09
«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
20:34
Xominaiy o‘ldirilgach, Rossiyada Putinni qo‘riqlash uchun yaratilgan kuzatuv tizimi o‘chirib qo‘yildi
20:04
Kiyevga Zelenskiy bilan uchrashuvga borgan rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich bo‘lib chiqdi
18:06