Jahon | 11:46
510
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya 2026 yil boshidan beri Ukraina energetikasiga 217 ta hujum qilgan

2026 yil boshidan beri Rossiya qo‘shinlari Ukraina energetika tizimiga 217 marta zarba bergan. Bu haqda Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko 4 fevral, chorshanba kuni energetikadagi favqulodda vaziyat bo‘yicha yig‘ilish yakunlariga ko‘ra ma’lum qildi.

Foto: DTEK energy company/REUTERS

O‘z navbatida, prezident Volodimir Zelenskiy eng og‘ir vaziyat Kiyev va Xarkiv shaharlari hamda ularning viloyatlarida, shuningdek Sumi va Poltava viloyatlarida saqlanib qolayotganini aytdi.

“Markaziy Ukrainaning boshqa hududlarida ham qiyin, jumladan Dnipropetrovsk va Cherkassk viloyatlarida”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Prezidentning bildirishicha, Rossiya zarbalari ketma-ket amalga oshirilganidan keyin Kiyevning bir nechta tumanlarida 1100 ta ko‘p qavatli turar joy hali ham isitishsiz turibdi.

“Har bir shunday uy bo‘yicha isitishni tiklash muddatlari, odamlarni isinish imkoniyatlari va qo‘llab-quvvatlash bilan kafolatli ta’minlash haqida aniq ma’lumot bo‘lishi shart”, — deb ta’kidladi u.

Zelenskiy, shuningdek, hozir Ukraina poytaxtida 200 dan ortiq avariya brigadalari ishlayotganini aytdi. Energetika vazirligida esa xodimlarni almashtirib ishlash (rotatsiya) uchun brigadalar sonini oshirishga va’da berishgan — chunki odamlar qattiq charchagan.

Prezident bosh vazirga mamlakat bo‘ylab jamoatlarda ukrainaliklarga qo‘shimcha yordamning “zarur hajmlari” haqida “aniq ma’lumotlar”ni zudlik bilan tayyorlashni topshirgan.

Yuliya Sviridenko aytishicha, hukumat energetikadagi inqiroz sabab joriy etgan tezkor choralar doirasida allaqachon 9000 dan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor avariyaviy o‘chirishlar vaqtida avtonom ishlashni ta’minlash uchun 15 ming grivnagacha bir martalik davlat yordamiga ariza topshirgan.

Bundan tashqari, banklar “Moslashuvchan kreditlar 5-7-9” dasturi doirasida generatorlar uchun foizsiz kreditlarga 270 dan ortiq arizani qabul qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid