O‘zbekiston | 08:28 / 23.02.2026
1323
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda Orol logistika markazi tashkil etiladi

Pokistonning ommabop The World News elektron nashrida prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish tafsilotlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Foto: joqargikenes.uz

Maqolada ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi: hudud aholi jon boshiga hajm bo‘yicha past ko‘rsatkichlardan yuqoriroq o‘rinlarga ko‘tarilgan, eksport ulushi esa 4 foizdan 30 foizgacha oshgan. Umumiy eksport 2016 yilga nisbatan 3,5 karra ko‘payib, 2,1 milliard dollarga yetgani qayd etilgan.

Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyoti hajmini 102,5 trillion so‘mga, aholi jon boshiga ko‘rsatkichni 51 million so‘mga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohalarida 7,2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat, xizmatlar va turizm eksportini 900 million dollargacha oshirish muhimligi ta’kidlangan.

Nashrda joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingani keltirilgan.

Investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirilgani, Prezident ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagani aytilgan. Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish maqsadi ham ko‘rsatilgan.

Turizmni hudud rivojlanishining asosiy drayverlaridan biriga aylantirish zarurligi urg‘ulanib, “Borsa kelmas” tuz koni hududida turizm-rekreatsion zona, Orolbo‘yi va Ustyurt platosida glemping zonalari tashkil etilishi ma’lum qilingan. Orol dengizi qurishi oqibatlarini namoyish etish maqsadida Orol dengizi tarixi muzeyini zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish rejasi ham qayd etilgan.

Shu ishlar hisobidan joriy yilda Qoraqalpog‘istonga 500 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyoh jalb etish vazifasi qo‘yilgani, turoperatorlarga qo‘shimcha imtiyozlar joriy qilinishi aytilgan. 2027 yil yakunigacha Qo‘ng‘irotda xalqaro standartlarga javob beradigan “quruq port” maqomiga ega Orol logistika markazini tashkil etish rejasi ham keltirilgan.

Maqola yakunida prezident Shavkat Mirziyoyev belgilangan marralarga erishish uchun imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish, har bir tuman va mahallada manzilli yondashuv asosida ish tashkil etish hamda aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergani ta’kidlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid