Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Belarus bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Hamkorlikda, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada yuqori darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 25 foizga o‘sib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Yetakchi kompaniyalarning ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiyasi kengayib bormoqda.

Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish orqali iqtisodiy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.