Jahon | 14:55 / 03.03.2026
2997
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiyadagi yirik neft zavodi dron zarbasidan so‘ng ishini to‘xtatdi

Saudiya Arabistonining davlat neft kompaniyasi Saudi Aramco dronlar hujumidan keyin Ras Tanura neftni qayta ishlash majmuasi faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi. Yaqin Sharqdagi eng yirik NQZdan birida yong‘in chiqqan. Jabrlanganlar yo‘q.

Foto: Reuters

Saudiyaning davlat neft kompaniyasi Saudi Aramco dronlar hujumiga uchraganidan keyin Ras Tanura neftni qayta ishlash majmuasining ishini to‘xtatdi. Bu haqda 2 mart, dushanba kuni Reuters agentligi sohadagi manbaga tayanib xabar berdi.

Korxona ustida ikkita uchuvchisiz apparat ushlab qolingan, ularning bo‘laklari tushishi natijasida kichik yong‘in chiqqan, dedi Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi vakili Al Arabiya telekanali efirida. U jabrlanganlar yo‘qligini qo‘shimcha qildi.

Fors ko‘rfazi sohilidagi Ras-Tanura shahrida joylashgan neftni qayta ishlash majmuasi Yaqin Sharqdagi eng yirik NQZdan biri bo‘lib, uning quvvati kuniga 550 000 barrelni tashkil etadi. Shuningdek, u Saudiya neftini eksport qilish uchun muhim terminal hisoblanadi.

Reuters agentligiga Verisk Maplecroft konsalting kompaniyasining Yaqin Sharq bo‘yicha bosh tahlilchisi Torborn Soltvedtning aytishicha, Ras Tanura NQZga berilgan zarba “mojaroning sezilarli darajada keskinlashganini anglatadi, chunki Fors ko‘rfazidagi energetika infratuzilmasi endi Eron zarbalari yetib boradigan masofada qolmoqda”. U bu hujum Saudiya Arabistoni va mintaqaning boshqa davlatlarini ham AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotiga qo‘shilishga undashi mumkin, deb taxmin qildi.

Ras-Tanuradagi NQZning yopilishi jahonda neft va neft mahsulotlari ta’minoti bo‘yicha xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Bundan oldin Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini cheklay boshlagan, bu bo‘g‘oz orqali global neft eksportining taxminan beshdan bir qismi o‘tar edi. 1 mart kuni shu hududda neft tashuvchi tankerga hujum qilingan va u yonib ketgan. 2 mart kuni Brent markali neft fyucherslari 10 foizdan ko‘proqqa oshgan.

28 fevral kuni ertalab Isroil va AQSh Tehron hamda Eron hududidagi boshqa nuqtalarga zarbalar bergan. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyatida ekanini bildirgan. U Eron armiyasini qurol tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirgan.

Eron Qizil Yarim Oy jamiyatining ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar oqibatida mamlakatda 201 kishi halok bo‘lgan, yana 747 kishi yaralangan. Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, Bosh shtab boshlig‘i Abdulrahim Musaviy va Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Eron javoban Isroil va Yaqin Sharqning boshqa davlatlari hududiga zarbalar bergan, u yerlarda ham qurbonlar bor. 2 martga o‘tar kechasi Eron droni Kiprdagi Britaniya aviabazasiga hujum qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid