Jahon | 21:44 / 06.03.2026
6836
7 daqiqa o‘qiladi

Budapeshtda avtomobillarda o‘nlab million valuta va oltin olib ketayotgan Ukraina banki xodimlari qo‘lga olindi

Ukraina buni «odamlarni garovga olish» deb, Vengriya esa qo‘lga olinganlarni «harbiy mafiya» pullarini tashuvchilar deb atamoqda.

Foto: Magyarország Kormánya

Ukrainaning Oshchadbank davlat banki inkassatsiya xizmatida ishlaydigan yetti nafar xodimi 5 mart kuni ikki avtomobilda valuta olib ketayotgan vaqtida Vengriyada asossiz ravishda qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, valuta Oshchadbank va Raiffeisen Bank Austria o‘rtasidagi kelishuv doirasida tashilayotgan bo‘lgan. GPS ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobillar Budapesht markazidagi Vengriya kuch tuzilmalaridan biri yaqinida turibdi. Bu ma’lumotni Ukrainaning Vengriyadagi elchixonasi va Ukraina tashqi ishlar vazirligi ham tasdiqlagan.

Avtomobillarda 40 million AQSh dollari, 35 million yevro va to‘qqiz kilogramm oltin bo‘lgan.

«Yuk xalqaro tashish qoidalari va Yevropaning amaldagi bojxona tartib-qoidalariga muvofiq rasmiylashtirilgandi», — deb bayonot berdi Oshchadbank o‘z xodimlari va mulki zudlik bilan ozod qilinishi hamda Ukrainaga qaytarilishini talab qilarkan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Vengriya hukumati Oshchadbank xodimi bo‘lgan yetti nafar ukrain fuqarosini «garovga olgan»ini aytdi.

“Amalda gap Vengriya odamlarni garovga olgani va pullarni o‘g‘irlagani haqida ketyapti. Agar bu bugun avvalroq janob Orban aytib o‘tgan o‘sha «kuch» bo‘lsa, bu jinoiy to‘daning kuchi. Bu — davlat terrorizmi va reket. Biz fuqarolarimizni zudlik bilan ozod qilish talabi bilan rasmiy nota yubordik. Shuningdek, Vengriyaning noqonuniy harakatlari, garovga olish va talonchiligiga aniq baho berishni so‘rab Yevropa Ittifoqiga murojaat qilamiz”, dedi u.

Tez orada Vengriya soliq va bojxona xizmati bank xodimlari ushlanganini tasdiqladi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, ushlanganlar orasida Ukraina maxsus xizmati sobiq generali ham bo‘lib, u valuta tashishni «tashkil etish uchun javobgar» bo‘lgan. Bayonotda aytilishicha, idora pul yuvish moddasi bo‘yicha tergov olib bormoqda. Shuningdek, Ukraina konsulligi bu haqda darhol xabardor qilingani, ammo hech qanday javob bermagani aytilmoqda.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Budapesht Kiyevdan Vengriya orqali naqd pul tashish masalasi bo‘yicha «zudlik bilan javob va izoh» berilishini talab qilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu pullar Ukraina harbiy mafiyasiga tegishli emasmi?» degan savol tug‘iladi. U mazkur voqeani «shokka tushiruvchi jinoyat» deb atadi va ukrainaliklar so‘nggi oylarda Vengriya orqali «juda katta miqdorda» naqd pul va oltin olib o‘tganini aytdi. Vazirning ta’kidlashicha, 900 million dollar, 420 million yevro va 146 kilogramm oltin quymalari haqida gap ketmoqda.

«Bu masalada bizda qator jiddiy savollar bor. Birinchidan, bu juda katta miqdordagi naqd pul va ukrainaliklarga bunday yirik miqdordagi pulni tashish nega kerak? Agar bu haqiqatan ham banklar o‘rtasidagi operatsiya bo‘lsa, unda adolatli savol tug‘iladi: nega banklar o‘zaro hisob-kitobni pul o‘tkazmasi orqali amalga oshirmaydi, nega buncha naqd pulni, buning ustiga, Vengriya orqali tashish kerak?», dedi Peter Siyyarto.

U bunday savollar pul tashilishini kuzatib borayotgan shaxslar «Ukraina maxsus xizmatlari bilan ochiq aloqalarga ega» ekani tufayli paydo bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

Ukraina Milliy banki rahbari Andrey Pishniy uning xodimlari vaziyatni o‘rganish uchun Budapeshtga yo‘l olganini bildirdi. O‘z navbatida, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolariga «ularning xavfsizligini kafolatlash imkoni yo‘qligi sababli» Vengriyaga safarlardan tiyilib turishni tavsiya qildi.

Vengriyaning Index jurnali ta’kidlashicha, mamlakat soliq va bojxona xizmati qo‘lga olingan yetti nafar Ukraina fuqarosining shaxsini aniqlagan va ularni mamlakatdan chiqarib yuborgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, pul va oltin tashilishini Ukraina Xavfsizlik xizmatining sobiq generali nazorat qilgan, uning o‘rinbosari esa Ukraina Harbiy-havo kuchlarining sobiq mayori bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, ularga «harbiy tajribaga ega shaxslar» yordam bergan.

Ukraina banki xodimlarining ushlanishi Vengriya va Ukraina o‘rtasida “Drujba” neft quvuri bo‘yicha nizo fonida yuz berdi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Volodimir Zelenskiyni Slovakiya va Vengriyaga Rossiya nefti tranzitini tiklashga chaqirgandi. Tranzit 27 yanvarda to‘xtatilgan — Ukraina tomonining ta’kidlashicha, bunga Lviv viloyatida neft quvuri obektlaridan biriga Rossiya droni zarba berishi sabab bo‘lgan. Vengriya Ukraina quvur faoliyatini tiklashni atayin kechiktiryapti deb hisoblamoqda.

Vengriya shuningdek, Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida kredit ajratishiga qarshi chiqdi. 5 mart kuni Zelenskiy Ukraina hukumati «Yevroittifoqdagi bir inson 90 milliardni yoki 90 milliarddan birinchi transhni to‘smasligi va ukrain qahramonlari qurolga ega bo‘lishiga umid qilayotgani»ni aytgandi.

«Aks holda, bu insonning manzilini qurolli kuchlarimizga taqdim etamiz, ular unga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z tillarida gaplashishsin», — dedi Ukraina prezidenti bu shaxsning ismini tilga olmasdan.

Vengriya hukumati matbuot kotibi Zoltan Kovach Zelenskiyning bayonotini «shantaj va tahdid» deb atadi.

«Bunga toqat qilib bo‘lmaydi. Bunday masalalarda shaxsiy his-tuyg‘ularga o‘rin bo‘lmasligi kerak. Vengriyani qo‘rqitib bo‘lmaydi va biz shantaj berilmaymiz», — deb yozdi u.

O‘z navbatida, Yevropa komissiyasi Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga munosabat bildirdi.

"Yevropa komissiyasi bunday so‘zlar nomaqbul ekanligini bildiradi. YeIga a’zo davlatlarga nisbatan tahdid qilinmasligi kerak. Takrorlayman, bu masala bo‘yicha barcha tomonlar bilan faol muhokama olib bormoqdamiz", - dedi Yevrokomissiya vakili Olof Jill Zelenskiyning bayonotiga izoh berarkan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid