2026 yilning fevral oyiga kelib Pokiston va «Tolibon» qarama-qarshiligi yangi bosqichga chiqdi. Tomonlar bir-biriga havodan hujum uyushtirishyapti, dronlar, artilleriyadan foydalanishdi. Xo‘sh, ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlarga nima sabab bo‘lyapti?
Xalqaro tartibot shu darajada zaiflashdiki, bir davlatning boshqa bir mustaqil mamlakat hududiy yaxlitligiga qilayotgan tajovuzlariga na hayrat bor, na xavotir. Yillar davomida shakllangan qoidalar o‘rnini xaos egalladi. Endi hamma narsa mumkindek. Kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashgan, tashqarida «o‘rmon qoidalari» hukm surayotgan bir zamonda Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida ham qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. Dastlab 22 fevralga o‘tar kechasi Pokiston armiyasi Afg‘onistonning Nangarxar va Paktika viloyatlariga aviazarbalar berdi. Rasmiy Islomobod hujumni jangarilarning chegara bo‘ylab joylashgan lagerlari va boshpanalari o‘qqa tutilgani bilan izohladi. Kobul tomoni zarbalar natijasida ayollar va bolalar halok bo‘lganini qayt etib, harbiy harakatni «Afg‘onistonning hududiy yaxlitligi va xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi» deb atadi. 26 fevral kuni afg‘on toliblari ham chegara postlariga «keng ko‘lamli hujum» uyushtirdi. Shu tariqa mojaro yangi bosqichga chiqdi: tomonlar bir-biriga havodan hujum uyushtirishyapti, dronlar, artilleriyadan foydalanishyapti. Pokiston mudofaa vaziri Havaj Asif «Tolibon» harakati bilan «ochiq urush» boshlanganini e’lon ham qildi. Xo‘sh, ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlarga nima sabab bo‘lyapti? Ular o‘rtasidagi ziddiyat ildizi qayerga borib taqaladi?
Chegara muammosi
2024–2026 yillarda «Tolibon» va Pokiston qurolli kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar «Dyurand chizig‘i» bo‘ylab yuz beryapti. Bu chiziq bir asrdan ko‘proq vaqtdan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, etnik va xavfsizlik mojarosi markazida turadi. Uzoq 1893 yil ingliz-afg‘on urushlari yakunida Britaniya Hindistoni tashqi ishlar kotibi Mortimer Dyurand va Afg‘oniston amiri Abdurahmonxon o‘rtasida chegara shartnomasi imzolanadi. Imperialistik mamlakatlarning «Bo‘lib tashla, hukmronlik qil» tamoyili ushbu bitimda ham o‘z aksini topadi: chegara chizig‘i chizilayotganda geografik va etnik omillar hisobga olinmagan. Natijada mintaqadagi eng yirik etnoslardan biri — pushtunlar ikki davlat, hozirgi Afg‘oniston va Pokiston hududiga bo‘lib yuboriladi.






