Jahon | 13:42
1131
3 daqiqa o‘qiladi

Eronga AQSh maxsus kuchlari yuborilishi haqidagi xabarlar inkor etildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronda boyitilgan uranni himoya qilish uchun maxsus kuchlar kiritilishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Shu bilan birga, u Erondagi urush davomidagi birinchi matbuot anjumani o‘tkazilishini ham e’lon qildi.

Foto: AP

AQShning quruqlik qo‘shinlarini Eronga kiritish haqida qaror qabul qilinishiga hali juda erta. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.

“Biz bu masala bo‘yicha hali qaror qabul qilganimiz yo‘q. Biz bundan hali juda uzoqdamiz”, — dedi Tramp 9 mart, dushanba kuni New York Post gazetasiga bergan intervyusida.

Shu tariqa u Isroil va AQSh Eronda yuqori darajada boyitilgan uran xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus kuchlarni joylashtirish ehtimolini muhokama qilgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Bir kun oldin Axios nashri to‘rt manbaga tayanib, AQSh va Isroil rasmiylari “urushning keyingi bosqichida” Eronga AQSh maxsus kuchlarini yuborish imkoniyatini muhokama qilganini xabar qilgan edi. Nashrga ko‘ra, bu kuchlar “Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini” va boshqa yadroviy yonilg‘ini “egallab olish” uchun yuborilishi mumkin bo‘lgan. Maqolada shunday deyilgan edi: “Bu, ehtimol, faqat ikki mamlakat ham Eron harbiylari endi operatsiyada ishtirok etayotgan kuchlar uchun jiddiy tahdid sola olmasligiga ishonch hosil qilganidan keyingina sodir bo‘ladi”.

Shuningdek, Donald Tramp Eronga qarshi urush boshlanganidan beri birinchi matbuot anjumanini e’lon qildi. Oq uy rahbari o‘zining Truth Social platformasida ma’lum qilishicha, u 9 mart kuni kechqurun (mahalliy vaqt bo‘yicha) Mayami yaqinidagi Tramp golf-klubida o‘tkazilishi kerak edi.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarbalar bera boshladi. Islom Respublikasi bunga javoban Isroilga va Yaqin Sharqda Vashingtonning mintaqadagi ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlarga dronlar va raketalar bilan hujum qildi. Tehronning ta’kidlashicha, Eron zarbalarining nishonlari aynan ushbu mamlakatlardagi Amerika harbiy bazalari hisoblanadi. Erondagi urush boshlanganidan beri sakkiz nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.

AQSh va Isroilning harbiy amaliyoti natijasida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy hamda Islom Respublikasining yana bir qator yuqori lavozimli amaldorlari o‘ldirilgan. Xomanaiyning vorisi etib uning o‘g‘li Mujtabo Xominaiy tayinlangan.

Mart oyi boshida Isroil Livan hududidagi nishonlarga ham zarbalar berdi. U yerda Eron hokimiyati qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” terroristik guruhi faoliyat yuritadi. U mintaqada Tehronning asosiy ittifoqchilaridan biri hisoblanadi va Isroil chegaralari yaqinida raketa arsenaliga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid