Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
The Insider: 6000 ta firma RFning sanksiya ostidagi yuridik shaxslari bilan savdo qilmoqda
The Insider aniqlashicha, Rossiyadagi sanksiya ostidagi kompaniyalarga mahsulot yetkazib berayotgan 6 mingdan ortiq firmaning uchdan ikki qismi Xitoy va Hongkongga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Rossiyaga yuqori texnologiyali tovarlarni qayta sotuvchi ko‘plab turk kompaniyalari ham bor.
Foto: AFP
The Insider nashri jurnalistlari AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan Rossiya korxonalari hamda harbiy-sanoat majmuasi yetkazib beruvchilari bilan operatsiyalarni amalga oshirayotgan 6 mingdan ortiq firmani aniqladi. Nashrning 11 mart, chorshanba kuni yozishicha, ularning taxminan uchdan ikki qismi Xitoy va Hongkong kompaniyalari bo‘lib, qolganlari orasida ko‘plab turk, amirlik va hind kompaniyalari ham bor. Bu xulosa Rossiya kompaniyalarining 2024–2025 yillardagi tashqi savdo ma’lumotlari tahliliga asoslangan.
Shu bilan birga, sanksiya ostidagi firmalar va Rossiya harbiy-sanoat majmuasi kontragentlari bilan savdo hajmining uchdan ikki qismi Xitoy, Hongkong, Turkiya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, The Insider mualliflari Ukrainadagi urush sabab “qora ro‘yxat”ga tushirilgandan keyin ham xorijdan tovar sotib olishda davom etgan bir necha yuzlab Rossiya importchilarini aniqladi. Maqolada ta’kidlanishicha, shu tariqa ular xorijiy hamkorlarining xavflarini inkor etgan, xorijiy hamkorlar esa, o‘z navbatida, banklar tomonidan bloklanish xavfini e’tiborsiz qoldirgan.
Jurnalistik surishtiruv davomida sanksiya ro‘yxatlarida bo‘lmagan, ammo boshqa tovarlarni Rossiya harbiy-sanoat majmuasiga qayta sotgan, shuningdek, import qilingan komponentlar asosida ishlab chiqarilgan o‘z mahsulotlarini ham yetkazib bergan Rossiya firmalari ham aniqlangan. The Insider ushbu Rossiya kompaniyalari bilan bitimlar amalga oshirgan xorijiy firmalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Surishtiruv mualliflari sanksiyalarni chetlab o‘tish orqali Rossiyaga 3 million dollarlik yuzdan ortiq turboreaktiv dvigatellar yetkazib berilganini misol qilib keltiradi. Buni Xitoyning Henan New Silk Road International kompaniyasi amalga oshirgan. Xaridor esa “qora ro‘yxat”ga kiritilgan “Chipdevays” kompaniyasi bo‘lgan.
“Tovar ishlab chiqaruvchisi sifatida mavjud bo‘lmagan firma ko‘rsatilgan. Bunday dvigatellarning tortish kuchi 80 kilogramm bo‘lib, bu ularni yirik harbiy dronlarda qo‘llash imkonini beradi”, — deb qayd etadilar mualliflar.
The Insider yana shuni ta’kidlaydiki, Xitoy sanksiya ostidagi va harbiy sohadagi Rossiya kompaniyalariga tovar yetkazib beruvchi firmalar soni bo‘yicha ham, ular uchun import qilinayotgan tovarlarning yalpi hajmi bo‘yicha ham yetakchi hisoblanadi. Biroq, Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘liq firmalariga yetkazib berilayotgan tovarlar sifati bo‘yicha Turkiya yetakchi bo‘lib, u Rossiyaga g‘arbning yuqori sifatli texnikasini qayta sotishga ixtisoslashgan.
Jurnalistlar aniqlashicha, “eng yuqori texnologiyali tovarlar sektoridagi yetkazib berishlarining 68 foizini (metallga ishlov berish, iste’molga mo‘ljallanmagan elektronika, optika, metallurgiya va energetika uchun uskunalar, maishiy bo‘lmagan o‘lchov asboblari) Yevropa, Yaponiya va Koreyada ishlab chiqarilgan yuqori toifali texnika tashkil qiladi”.
Mavzuga oid
11:41
Ukraina qurolli kuchlari instruktorlari Bundesverga Rossiyadan himoyalanishni o‘rgatadi
09:33
G7 Erondagi urush fonida Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilmaydi
07:45
Xitoyda qariyb 1 kilometrlik eskalator ishga tushdi
23:30 / 11.03.2026