O‘zbekiston | 18:49 / 29.03.2026
1851
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi

Botanika va dendrologiya bog‘lari yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ularning hududlarini qisqartirish qat’iy taqiqlanadi.

Foto: orexca.com

Prezidentning “Yashil makon” umumilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2028 yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilish, xalqaro standartlarga muvofiq 2030 yilgacha O‘zbekistonda umumiy yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hudud hajmini 9–10 m²gacha kengaytirish hamda PM2.5 va PM10 kabi zararli zarrachalar konsentratsiyasini 20–25 foizga kamaytirish, iqlim sharoiti og‘ir hududlarda havo haroratini o‘rtacha 1,5–2°S gacha pasaytirish asosiy maqsad etib belgilandi.

Dendrologiya bog‘lari maqomiga ko‘ra botanika bog‘lariga tenglashtiriladi, botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish maqsadida ajratiladigan yer maydonlari istisno tariqasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlardan ozod qilinadi. Dendrologiya bog‘lariga ham botanika bog‘lari kabi muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi beriladi.

Botanika va dendrologiya bog‘lari yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ularning hududlarini qisqartirish qat’iy taqiqlanadi. Bog‘larni loyihalash, tashkil etish va ularni ekspluatatsiya qilish jarayonlarida xalqaro ekologik standartlar, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umum e’tirof etilgan ekologik me’yorlar va milliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilinadi.

2027 yil 1 yanvardan boshlab botanika va dendrologiya bog‘larining samarali faoliyat ko‘rsatishi va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida respublikaning har bir hududidan mazkur bog‘larga “yashillik elchisi” biriktiriladi. “Yashillik elchilari” bog‘laridagi yashil hududlarning holatini muntazam monitoring qilish, aniqlangan kamchilik va muammolar to‘g‘risida mas’ul davlat organiga ma’lumot taqdim etish, ko‘kalamzorlashtirish, parvarishlash va ekologik tadbirlarda faol ishtirok etish, ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, eko bog‘larini asrash va rivojlantirish bo‘yicha mahalliy hamda xalqaro grantlar, homiylik mablag‘lari va ijtimoiy sheriklik loyihalarini jalb etishga ko‘maklashish kabi vazifalarni bajaradi.

2028 yil 1 noyabrga qadar botanika va dendrologiya bog‘lari hududi kamida 100 gektargacha yetkaziladi.

Bundan tashqari, O‘rmon agentligi tizimidagi “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi “Yashil bog‘larni boshqarish o‘rmon ilmiy-tajriba markazi” davlat muassasasiga aylantiriladi. Markaz tarkibida daraxt kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati tashkil etiladi. Markaz tasarrufidagi bog‘lar va ko‘chatxonalar tashkil etish uchun biriktirilgan yer uchastkalari daraxtzorlar sifatida soliq solish obekti hisoblanmaydi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid