Nepal politsiyasining 26-avgust kuni eʼlon qilgan maʼlumotlariga koʻra, tabiiy ofat qurbonlari soni kamida 157 nafarga yetgan.
Avvalroq 384 kishi, jumladan, 290 nafar xorijlik bedarak yoʻqolgani xabar qilingan edi. Nepal Turizm vazirligi esa keyinroq bedarak yoʻqolgan xorijiy fuqarolar sonini 341 nafar deb koʻrsatgan.
Dpa agentligi Nepal Tourism milliy turizm tashkiloti maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, qutqaruvchilar Germaniya, Ispaniya, Niderlandiya, AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlardan kelgan sayyohlarni ham qidirmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, bedarak yoʻqolgan xorijiy sayyohlarning eng katta qismini Hindiston fuqarolari tashkil etadi.
Nepal politsiyasi Xitoyning Tibet hududi bilan chegarada bedarak yoʻqolganlar orasida 26 nafar politsiya xodimi ham borligini maʼlum qildi.
Rasmiylar halok boʻlganlar va jabrlanganlarning yakuniy soni, shuningdek, tabiiy ofat yetkazgan zararning umumiy koʻlami keyinroq maʼlum boʻlishini bildirgan.
Suv toshqiniga aynan nima sabab boʻlgani hozircha aniq emas. Dpa maʼlumotiga koʻra, tabiiy ofat muzlik koʻlining toʻsatdan yorilib ketishi natijasida kelib chiqqan boʻlishi ehtimoli ham koʻrib chiqilmoqda.
Suv toshqini Tibetdan boshlanib, Nepalning Bagmati-Pradesh provinsiyasi orqali oqib oʻtuvchi Bxote-Koshi daryosida suv sathining keskin koʻtarilishi ortidan sodir boʻlgan.
Daryo boʻyida joylashgan aholi punktlari, xususan, Timure va Syaprubesi tabiiy ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan hududlar qatorida qayd etilgan.
Suv bozor hududlari va turar joylarni bosgan. Politsiya boʻlinmalari va gidroenergetika obyektlariga jiddiy zarar yetgan, koʻpriklar hamda avtomobil yoʻllari vayron boʻlgan.
Hodisa joyida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Qizil Xochning mintaqaviy boʻlimi Rasuva hududiga gumanitar yuklar bilan favqulodda yordam guruhini yuborgan.
Nepal bosh vaziri Balendra Shox qutqaruv operatsiyalariga mamlakat armiyasi va xavfsizlik xizmatlari ham jalb qilinishini maʼlum qilgan.
Tabiiy ofat Xitoy tomonida ham ogʻir oqibatlarga olib kelgan. Xitoyning «Sinxua» davlat axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, 26-avgust kuni ertalab sodir boʻlgan koʻchkidan keyin Xitoy janubi-gʻarbidagi Girong okrugida joylashgan shu nomdagi nazorat-oʻtkazish punktida koʻplab halok boʻlganlar, jabrlanganlar va bedarak yoʻqolganlar qayd etilgan.






