Hafta davomida Tramp Xitoyga bordi, Putin xavotirli hujjat imzoladi, AQShning Tayvan bo‘yicha pozitsiyasi keskin o‘zgardi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Tramp Xitoyda

Haftaning eng muhim voqeasi AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyga tashrifi bo‘ldi. Unda savdo bitimlari, vazirlar qanaqadir hujjatlarni imzolashi kuzatilmadi. Umuman, dunyodagi eng qudratli ikki davlat liderlari hech qanday hujjat imzolagani yo‘q. Va odatda bunaqa uchrashuvlarda har qanday bitimlardan muhimroq masalalar muhokama qilingan bo‘ladi. Ta’sir doirasini belgilab olish, keyinchalik qanday harakat qilish, kim qayerda asosiy bo‘lishi kabi masalalar muhokama qilinadi.

Esingizda bo‘lsa, Tramp ikkinchi muddatiga kirishganda butun dunyoga qarshi o‘z iddaolarini baland ovozda aytayotgan, Xitoy bilan ham savdo urushini qayta boshlab yuborgandi. Lekin Tramp prezidentligining bir yili o‘tgach, o‘zining ta’biri bilan aytganda to‘qqizta urushni tugatishga ulgurgan bir vaqtda Xitoyga kuchsiz pozitsiyada bordi. Bu tashrif mazmunini tushunish uchun shunchaki kim kimning uyiga borganiga qarashning o‘zi kifoya.

Trampning tashrifini uning jamoasi katta voqelikdek ko‘rsatishga urindi, lekin umuman olganda, amerikaliklar bu tashrifni muvaffaqiyatli deb hisoblayotgani yo‘q. Tramp va Si uchrashuvida asosan Erondagi urush va Tayvan muhokama qilingan. Uchrashuvdan keyin Xitoyning yaqin ittifoqchisi Eron taslim bo‘lgani yo‘q, amerikaliklarga boyitilgan uranni bochkaga solib bermadi ham, qaytanga Tramp ortga qaytgach Eronga qayta zarbalarni muhokama qilishi aytildi. Buni Tramp Erondagi urushni tugatishda yordam so‘ragan va Pekin rad etgan deb talqin qilish ham mumkin.

Tramp Oq uyga qaytgan chog‘ida o‘ziga ishonchi juda baland edi, «Amerika qaytdi, bizni yana hurmat qilishyapti, biz buyukmiz, biz zo‘rmiz», dedi. Maduroni vertolyotga solib olib qochishganda uning o‘ziga ishonchi yana oshdi. Keyin Eronda urush boshladi, yarim asrdan buyon Amerikaga la’nat aytayotgan davlatning qirq yillik rahbarini o‘ldirtirdi.

Diplomatik maydonda «Tinchlik kengashi» degan tashkilot tuzib, uni go‘yoki BMTdan kuchliroq tashkilotdek ko‘rsatishga urindi. Lekin ajoyib kunlarning birida qarasa, Amerikaday qudratli davlat iqtisodiyoti, katta-katta bizneslar, trillion dollarlik loyihalar Tinch okeanining huv narigi chekkasidagi Xitoy degan davlatga rad etib bo‘lmaydigan darajada bog‘lanib qolgan ekan.

Oddiy misol, Trampga hamrohlik qilgan Ilon Maskning Tesla'si bozordagi yarim mahsulotini Xitoyda ishlab chiqaradi, Apple'ning eng ko‘p mahsuloti ham Chinda teriladi. Shunday ekan, Amerika bu davlat bilan savdo urushiga kirishishi avvalo amerikaliklar uchun zarar bo‘ldi. Xitoy raisi ham Trampga raqib emas, hamkor bo‘laylik dedi.