Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avtomobil bozoridagi firibga qarshi chora va qarzni undiruvchi notariuslar – mahalliy dayjest
Avtomobil odometrini o‘zgartirib, bu haqda xaridorni ogohlantirmaganlar jazolanadi. Ayrim nizosiz qarzlarni notarius orqali undirish tartibi belgilandi. O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyga egalik huquqini olish yengillashtiriladi. Samarqandda soliqchi va sobiq hokim o‘rinbosariga nisbatan ish ochildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Avtomobil odometrini o‘zgartirib, bu haqda xaridorni ogohlantirmaganlar jazolanadi
Oliy Majlis Senatining 18 may kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida bir qator qonunlar, jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ma’qullandi.
Yangi tartibga ko‘ra, avtomobil odometrini almashtirib yoki ko‘rsatkichini o‘zgartirib (bosib o‘tilgan yo‘l ko‘rsatkichini kamaytirib), bu haqda xaridorni ogohlantirmaganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi kiritilgan 178-2-moddasiga ko‘ra, ushbu qilmish BHM 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,12 million so‘mdan 6,18 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda. Mazkur norma ikkilamchi avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan.
Ayrim qarzlar notarius orqali undiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 19 may kungi yig‘ilishda nizosiz ishlarni hal etish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Unga ko‘ra, ijara to‘lovlari, ko‘p kvartirali uylardagi joyning mulkdoridan majburiy badal va to‘lovlar, kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari bo‘yicha nizosiz talablarni ko‘rib chiqish tartibi o‘zgaradi.
Ushbu qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq talabning miqdori BHM 1 ming baravaridan (hozir 412 mln so‘m) ko‘p bo‘lgan taqdirda, amaldagi taomil asosida – sud tomonidan, buyruq tartibida ko‘rib chiqiladi. Undan kam bo‘lgan nizosiz talabga doir ish esa notarius tomonidan ko‘rib chiqiladi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyga egalik huquqini olish yengillashtiriladi
Senatning yalpi majlisida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joyga egalik huquqini olishni yengillashtirish nazarda tutilgan qonun loyihasi ma’qullandi.
Ushbu qonun orqali o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlarga mulk huquqini rasmiylashtirishda bir martalik to‘lovni (bu hududga qarab 375 ming so‘mdan 1 mln 875 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin) bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lovning (bu ham hududga qarab 375 ming so‘mdan 1 mln 875 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin) 50 foizi 20 kun ichida to‘langan taqdirda, to‘lovning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.
Inshootga tegishli qarzdorlik BHMning 30 baravarigacha (12 mln 360 ming so‘m) bo‘lganda, bu mulkka nisbatan egalik huquqi olishga monelik keltirib chiqarmaydi. Mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqish va jamoatchilik uchun e’lon qilish muddati 150 kundan 50 kunga qisqartiriladi.
Soliqchi va sobiq hokim o‘rinbosariga nisbatan ish ochildi
Samarqand viloyatida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda mansabdor shaxslar noqonuniy ravishda pul olgan vaqtda ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi «Buxgalteriya markazi» davlat muassasasi hisobchisi fermer xo‘jaligiga hisoblangan 150 mln so‘mlik soliq qarzdorligini kamaytirib berish evaziga 3 mln so‘m olgan. Keyinchalik qo‘shimcha 15 mln so‘mni olayotgan vaqtida ushlangan.
Kattaqo‘rg‘on tumanida sobiq hokim o‘rinbosari fuqaroni tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 14 mln so‘m olgani aniqlangan. Ammo u va’dasini bajarmagan. Tezkor tadbirda u pulning bir qismi sifatida 1000 AQSh dollarini qaytarib berayotgan vaqtida ushlangan.
Mavzuga oid
20:08 / 18.05.2026
O‘zbekiston aksiyalari Londonda va sobiq amaldorlar uchun ehtimoliy cheklov – mahalliy dayjest
20:35 / 15.05.2026
Yangilangan energotariflar va poraxo‘rlarning portreti – mahalliy dayjest
19:23 / 14.05.2026
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsiya va yangi moliyaviy piramida – mahalliy dayjest
19:35 / 13.05.2026