Eksport 12,6 mlrd dollardan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonning eksport hajmi 12,6 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Eksport tarkibida xizmatlar sohasi 4,6 milliard dollar bilan eng katta ulushni egallab, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 35 foizga o‘sgan.
Shuningdek, sanoat tovarlari eksporti 1,9 milliard dollarga, turli tayyor mahsulotlar eksporti esa 1,1 milliard dollarga yetdi. Kimyoviy mahsulotlar, oziq-ovqat, mashina va transport uskunalari eksportida ham sezilarli o‘sish qayd etildi.
Biroq hisobot davrida «boshqa tovarlar» toifasi bo‘yicha eksport hajmi 1,5 milliard dollarga tushib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 76 foizdan ortiq kamaygan. Bu umumiy eksport tarkibidagi eng katta pasayish bo‘ldi.
Eron viza tartibini soddalashtirishni taklif qildi
Xalqaro hamkorlikka oid yana bir yangilik.O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulov va Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammadali Iskandariy uchrashuvida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda Eron tomoni o‘z fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirishdagi viza tartibini soddalashtirish taklifini bildirdi.
Tomonlar turistlar oqimini oshirish, mamlakatlarning turizm salohiyatini o‘zaro targ‘ib qilish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda tibbiy turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini Eron bozorida keng targ‘ib qilish va ikki mamlakatning tarixiy-madaniy merosi asosida sayyohlar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Parrandachilik uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi
Prezident qarori bilan O‘zbekistonda parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi joriy etildi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab parrandachilik xo‘jaliklari, parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchilar hamda «tayyor biznes» loyihalariga yillik 10 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Kreditlar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Mikrokreditbank» orqali beriladi. Ular 10 yilgacha muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi. Mazkur shartlar faqat 2026 yil 1 sentyabrdan keyin rasmiylashtiriladigan yangi kredit shartnomalariga nisbatan qo‘llanadi.
Shuningdek, 1 avgustdan boshlab parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish va «tayyor biznes» loyihalarini moliyalashtirishda ham ushbu imtiyozli kredit mexanizmi amal qiladi.
Jaziramada ishlatilgan xodimlar uchun rahbar jarimaga tortildi
Davlat mehnat inspeksiyasi Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Obodonlashtirish boshqarmasida mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganini aniqladi. Tekshiruv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, jazirama issiqda xodimlar ko‘cha tozalash ishlariga jalb etilgani aks etgan video ortidan o‘tkazildi.
O‘rganish davomida xodimlarga belgilangan tartibda qulay mehnat sharoitlari yaratilmagani tasdiqlangan. Shu munosabat bilan Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi asosida ma’muriy jarima qo‘llandi.
Qonunchilikka muvofiq, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan mansabdor shaxslar 5 BHMdan 10 BHMgacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
Muzeyda 500 dan ortiq eksponat yo‘qolgan
Respublika muzeylari fondlarida saqlanayotgan muzey ashyolari va kolleksiyalarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida ikki muzeyda 500 dan ortiq eksponatning mavjud emasligi aniqlandi.
Xususan, «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari, jumladan, G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon adabiyot muzeyida qariyb 500 ta, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida esa fond hisobida turgan 16 ta eksponat joyida yo‘qligi qayd etildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun hujjatlar prokuratura organlariga yuborildi.
Koreyaga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
Toshkent shahrida Koreyaga ishga jo‘natish va doimiy yashash guvohnomasini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan ikki nafar shaxs firibgarlikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Tezkor tadbir davomida ular kelishilgan mablag‘ning 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Tergov materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchilar fuqaroni 55 ming dollar evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish va u yerda doimiy yashash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib berishga ishontirgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.










