Turizm qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan nizom loyihasiga ko‘ra, turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari maxsus mezonlar asosida baholanadi. Bunda turoperatorlik, turagentlik va joylashtirish vositalari faoliyati alohida yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqiladi.
Hujjatga muvofiq, baholash “ball” tizimi orqali amalga oshiriladi va tadbirkorlar xavf darajasiga qarab “yuqori”, “o‘rta” va “past” toifalarga ajratiladi.
Nizomda qayd etilishicha, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlardan qo‘shimcha hujjat yoki axborot talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, tizim natijalari avtomatik tarzda jazo choralarini qo‘llash uchun asos bo‘la olmaydi.
Tahlillar litsenziyalar, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlar asosida o‘tkaziladi. Bunda tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘ladi.
Hujjatda xavfi past deb baholangan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga aralashuvga yo‘l qo‘yilmasligi ham belgilangan.











