Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Anadolu nashriga bergan intervyusida yangi alyans Eron yoki boshqa biror davlatga qarshi qaratilmaganini, balki uch ittifoqchi xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy kafolat (va’da) bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ittifoqchilar hujum sodir bo‘lgan taqdirda qanday darajada, qanday shakl va formatda yordam so‘rashlarini maslahatlashuvlar orqali hal qiladi. Ammo a’zo davlatga hujum qilinmaguniga qadar hech bir davlat tahdid, deb hisoblanmaydi.
Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida imzolangan mudofaa pakti texnik jihatdan NATOning o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi 5-moddasiga tengdir, dedi Turkiya tashqi ishlar vazirining so‘zlarini keltirmoqda Reuters.
NATOning 5-moddasi - bu Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotining eng muhim va asosiy tamoyili bo‘lib, jamoaviy mudofaa kafolatini ifodalaydi. Asosiy qoida: NATOga a’zo bo‘lgan har qanday bir davlatga qilingan qurolli hujum, tashkilotning barcha a’zolariga qilingan hujum deb baholanadi. Agar shunday hujum sodir bo‘lsa, har bir a’zo davlat harbiy kuch ishlatib bo‘lsa-da hujumga uchragan davlatga yordam berishi zarur.
NATOning ikkinchi yirik armiyasiga ega bo‘lgan Turkiya, pakt boshqa mintaqaviy mamlakatlar uchun ham kengayishga ochiqligini va mavjud alyanslarning o‘rnini bosishga intilmasligini ma’lum qildi.
«NATO – 32 davlatni o‘z ichiga olgan ulkan harbiy alyans. Biz bu yerda uchta davlat sifatida ish boshladik va juda kamtarona, lekin aniq qadamlar tashlashimiz kerak», dedi u. Fidanga ko‘ra, paktni yakuniga yetkazish borasidagi ishlar ikki yil-u sakkiz oydan beri davom etgan.











