Oy boshida yomgʻir va salqin havo kutilmoqda
1-oktabr kuni respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlariga nam va nisbatan salqin havo kirib kelishi davom etadi. Ushbu hududlarning ayrim joylarida yomgʻir yogʻadi. Eng jadal yogʻingarchilik togʻoldi va togʻli hududlarda kuzatilishi, baland togʻlarda esa yomgʻir qorga aylanishi mumkin.
2–4-oktabr kunlari mamlakatning katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi, havo harorati koʻtarila boshlaydi.
Biroq 4-oktabrda shimoli-gʻarbiy hududlarga sovuq va nam havoning yangi oqimi kirib keladi. 5–7-oktabr kunlari u asta-sekin respublikaning barcha hududlariga tarqaladi.
Shimolda tungi harorat noldan pastga tushishi mumkin
Haroratning oʻzgarib turishi oy oxirigacha davom etishi kutilmoqda. Iliq davrlarda havo kechasi 10–13 daraja, kunduzi 25–28 daraja iliqqacha koʻtariladi.
Sovuq havo oqimlari kirib kelganda harorat kechasi 3–8 daraja, kunduzi 15–20 daraja iliqqacha pasayishi mumkin.
Shimoliy hududlarda salqinlashish sezilarliroq boʻladi: tungi harorat 0–2 daraja sovuqqacha, kunduzgi harorat esa 10–15 daraja iliqqacha tushishi kutilmoqda.
Qaysi hududlarda yogʻin koʻproq boʻladi?
Oktabrda yogʻingarchilik hududlar va vaqt boʻyicha notekis taqsimlanishi mumkin. Respublika shimolida yogʻin miqdori iqlimiy meyordan kam, markaziy va janubi-sharqiy hududlarda esa meyor atrofida boʻlishi taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek, Fargʻona vodiysi viloyatlarining ayrim tumanlarida yogʻingarchilik meyordan koʻp boʻlishi ehtimoli bor.
Oktabr odatda qanday kechadi?
Oʻzgidrometning koʻp yillik kuzatuvlariga koʻra, oktabrda oʻrtacha oylik harorat sentabrga nisbatan 6–7 daraja, shimoliy hududlarda esa 8–9 daraja past boʻladi. Oyning ikkinchi yarmida, shimolda esa ertaroq dastlabki kuzgi sovuqlar kuzatilishi mumkin.
Iqlimiy meyor boʻyicha oktabrda odatda 4–6 kun, togʻlarga yaqin hududlarda 7–9 kun, eng chekka janubiy hududlarda esa 1–3 kun yomgʻir yogʻadi.

















