«Janett bilan Samarqanddagi Registon maydonining qoq markazida turdik. Bu yerda Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va meʼmorchiligining boyligi har kimga yaqqol namoyon boʻladi», - dedi Rubio.
AQSH davlat kotibi Samarqandning Buyuk ipak yoʻli davridagi oʻrniga ham toʻxtaldi. Uning taʼkidlashicha, bu tarixiy chorrahada diplomatik, savdo va madaniy aloqalar tutashgan.
Rubio ana shunday zaminda AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochish hamda diplomatik munosabatlarni mustahkamlashda davom etayotganini tabiiy va mantiqiy jarayon sifatida baholadi. U bu hamkorlikni kelajakni oʻzgartirishga qaratilgan saʼy-harakatlar bilan bogʻladi.
Avvalroq prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham Marko Rubio bilan Registon maydonida boʻlganini maʼlum qilgan edi. Uning yozishicha, jurnalistlar bilan muloqotda davlat kotibi Samarqand koʻp asrlar davomida xalqaro savdo aloqalarining muhim markazi boʻlib kelganini taʼkidlagan.
Saida Mirziyoyeva Rubioning Oʻzbekistonga ilk tashrifi aynan Samarqandda oʻtayotgani oʻziga xos ramziy maʼnoga ega ekanini qayd etgan.
















